Asossiz hisoblangan 55 ming so‘m qarzdorlik bekor qilindi

Asossiz hisoblangan 55 ming so‘m qarzdorlik bekor qilindi

Kommunal xizmatlar sohasida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, hisob-kitoblarda yo‘l qo‘yilgan xatolarni bartaraf etish hamda fuqarolarning murojaatlarini tezkor hal etish O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Navbatdagi murojaat ham iste’molchining qonuniy manfaatlarini tiklash bilan yakunlandi.

Qo‘qon shahrining «Turkiston» mahallasida yashovchi fuqaro R.I. Federatsiyaning 1091 qisqa ishonch telefoni orqali murojaat qilib, xonadonida amalda 3 kishi yashashiga qaramasdan, chiqindi tashish xizmati uchun 4 kishi hisobidan to‘lov hisoblanayotgani hamda shu sababli 55 ming so‘m asossiz qarzdorlik yuzaga kelganidan norozi ekanligini bildirdi.

Murojaat belgilangan tartibda Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganildi. Holatga aniqlik kiritish maqsadida chiqindi tashish xizmati ko‘rsatuvchi «Vodiy Maxsus Sanitar Trans» MChJ mas’ullari bilan birgalikda o‘rganish ishlari olib borildi. Suhbat va o‘rganishlar davomida xonadonda haqiqatdan ham uch nafar odam istiqomat qilishi aniqlandi.

Shundan so‘ng korxona mutaxassislari, iste’molchi hamda mahalla vakillari ishtirokida tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib, «Toza makon» elektron dasturiga o‘zgartirishlar kiritildi. Natijada xonadon bo‘yicha hisob-kitoblar 3 nafar yashovchi asosida qayta yuritilishi belgilandi va iste’molchiga hisoblangan 55 ming so‘mlik asossiz qarzdorlik to‘liq bekor qilindi.

Murojaat yuzasidan tayyorlangan yakuniy ma’lumotnomada mutaxassislar tomonidan olib borilgan huquqiy tushuntirish ishlari natijasida iste’molchining huquqlari to‘liq tiklangani, asossiz qarzdorlik chiqarib tashlangani va fuqaroning mazkur masala yuzasidan boshqa e’tirozi qolmagani qayd etildi.

Ushbu holat kommunal xizmatlar uchun hisob-kitoblarda xatoliklar aniqlangan taqdirda iste’molchilar o‘z huquqlarini himoya qilish imkoniyatiga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Agar kommunal to‘lovlar, savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohasida huquqlaringiz buzilgan deb hisoblasangiz, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa ishonch telefoni orqali murojaat qilib, huquqiy maslahat va amaliy yordam olishingiz mumkin.

Post Comment