Mebel oldi-sotdisidagi muammo hal etildi

Mebel oldi-sotdisidagi muammo hal etildi

Yozyovon tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga «Yangiobod» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi S.S. yaka tartibdagi tadbirkor Xalilov Ravshanbek Yusupovich tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlardan norozi bo‘lib murojaat qilgan.

Murojaatchiga ko‘ra, u joriy yilning 8 fevral kuni tuman «Buyum bozori»dan farzandining yangi uyi uchun 7 mln 200 ming so‘mga mebellar to‘plamiga buyurtma bergan va to‘lovni amalga oshirgan. Lekin 12 fevral kuni buyurtma asosida xonadoniga keltirilgan mebellar to‘plami u bozorda tanlagan rang hamda sifatdagidan farq qilishini ko‘rgan iste’molchi savdo do‘koniga murojaat qilib, ushbu holat bo‘yicha o‘z e’tirozlarini bildirgan hamda mebelni tegishli sifatdagisiga almashtirish aks holda pulini qaytarish to‘g‘risida talabini qo‘ygan. Sotuvchi esa mazkur talabni rad qilgan.
Amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasi uchinchi qismiga ko‘ra, iste’molchi o‘ziga sotilgan to‘plamlar, garniturlar, komplektlar va komplekslarning mustaqil tarkibiy qismi bo‘lgan va mustaqil narxga ega bo‘lgan buyumlarda nuqsonlar borligini aniqlagan taqdirda, butun to‘plam, garnitur, komplekt va kompleksga nisbatan ham, ularning nuqsonlari bor mustaqil tarkibiy qismlariga nisbatan ham ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan talablarni qo‘yishga haqlidir.
Iste’molchi murojaatini o‘rganish jarayonida sotuvchi bilan uchrashilib, unga yuqoridagi qonun talablari yuzasidan tushuntirishlar berilishi barobarida O‘zbekiston Respublikasinig “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘rsida”gi qonuni targ‘iboti ham olib borildi. Natijada iste’molchi xonadoniga oldi-sotdi jarayonida buyurtma berilgan rang va sifatdagi mebellar to‘plami yetkazib berilishiga erishildi.

Shavkatjon Saidov
Yozyovon tuman jamiyati huquqiy himoya mutaxassisi

Post Comment