Fuqaroning o‘zga shaxs qilgan qoidabuzarligi uchun javob berishini oldi olindi
Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida “Sadda” mahalla fuqarolar yig‘ini A. Navoiy ko‘chasida yashovchi M. U.ning tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan unga nisbatan asossiz ravishda dalolatnoma rasmiylashtirilganligi holati bo‘yicha yozma murojaati o‘rganildi.
Fuqaro murojaatida elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan o‘ziga tegishli bo‘lmagan, qurilishi tugallanmagan binoda o‘rnatilgan DTS-541 markali hisoblagich RK-elektr hisob dasturiga kirmaganligi haqida dalolatnomani negadir uning nomiga rasmiylashtirganliklarini, u bu haqda hatto xabardor ham qilinmaganligini, o‘zining imzosisiz (yoki xolislar ishtirokisiz), asossiz ravishda rasmiylashtirilgan mazkur dalolatnoma asosida unga nisbatan 2 240 000 so‘m jarima summasi ham chiqarilganligini, ushbu hisoblagich aslida rahbarining familiya ismi S.A. bo‘lgan MChJ ga tegishli bo‘lganligini keltirib o‘tgan. Shuningdek, bu masalaga yechim topishda tuman jamiyatidan yordam so‘ragan.
Avvalambor, shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 12.01.2018 yil kungi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ga ko‘ra, shu kabi holatlarda dalolatnoma rasmiylashtirish jarayonida javobgar tomonidan imzo qo‘yish yoki izoh qoldirishdan bosh tortilgan holda, dalolatnoma rasmiylashtiruvchi tomon bu haqda qo‘shimcha dalolatnoma rasmiylashtirib, kamida ikki nafar guvoh imzosi va MFY muhri bilan tasdiqlanishi lozim. Shuningdek dalolatnoma, albatta, mazkur holat uchun javobgar tomon, hisoblagich uchun mas’ul bo‘lgan fuqaro yoki tashkilot nomiga rasmiylashtiriladi.
Tuman jamiyati mutaxassislarining murojaat bo‘yicha iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi hamda fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilik asosida olib borgan o‘rganish ishlarida holatga oydinlik kiritildi. Unga ko‘ra, rasmiylashtirilgan dalolatnoma javobgar tomon chetda qolib, boshqa shaxs nomiga (ushbu holatda M.U. nomiga) rasmiylashtirilganligi o‘z isbotini topib, bekor qilindi. Tuman elektr ta’minoti korxonasiga yetkazilgan 2 240 000 so‘m miqdoridagi moddiy zarar esa, korxona ruxsatisiz elektr energiyasidan foydalanib kelgan MChJ rahbaridan undiriladigan bo‘ldi. Shuningdek, o‘rganish ishlari davomida tomonlarga amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik, qoidabuzarlik holatlarida tuziladigan dalolatnomalarga qo‘yiladigan talablar yuzasidan targ‘ibot va tushuntirish ishlari ham olib borildi.
Shohistaxon Rahimova,
tuman jamiyati mutaxassisi.
Post Comment