Nuqsonli mebel jamlanmasi maqbul sifatlisiga almashtirib berildi

Nuqsonli mebel jamlanmasi maqbul sifatlisiga almashtirib berildi

Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Shodlik» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi A.I.ning xarid qilingan mebel jamlanmasi nuqsonli chiqqanligi masalasidagi yozma murojaati o‘rganildi.

Iste’molchi murojaatida mebellar to‘plamini Yozyovon tumanida joylashgan kredit savdo do‘konidan 14 mln 300 ming so‘mga, tovar qiymatini 12 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilgan. Lekin xonadonga keltirilgan mazkur yotoqxona va oshxona mebellari to‘plamida nuqsonlar mavjudligini aniqlashgan. U mazkur muammoni o‘z kuchi bilan hal qila olmagach, tuman jamiyatiga ushbu masalada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab murojaat qilishga qaror qilgan.

O‘zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonuni 13-moddasiga ko‘ra, bunday holatda iste’molchi nuqsonli tovarni almashtirish to‘g‘risida talab qo‘yishga haqli. Iste’molchi ushbu holatda almashtirish bo‘yicha talabini butun to‘plam, garnitur, komplekt va kompleksga nisbatan ham, ularning nuqsonlari bor mustaqil tarkibiy qismlariga nisbatan ham qo‘ya oladi. Ya’ni sodda qilib aytganda, iste’molchi tanloviga ko‘ra, to‘plam tarkibiga kiruvchi bittagina buyumning nuqsoni aniqlanishi ortidan talab to‘plamni butunlay almashtirish bo‘yicha ham, yoki o‘sha nuqsoni mavjud bo‘lgan buyumning o‘zinigina almashtirib berilishi bo‘yicha ham qo‘yilishi mumkin.

Murojaatni o‘rganish doirasida tomonlarga qonunning ushbu talablari targ‘iboti olib borildi. Tushuntirish va targ‘ibot ishlari yakunlariga ko‘ra, Qonunning 14-moddasi tartibida nuqsonli tovar maqbul sifatdagisiga almashtirib berilishiga erishildi.

Shohistaxon Rahimova
Toshloq tuman jamiyati mutaxassisi

(illyustrativ foto)

Post Comment