Besh yuz ming so‘m iste’molchining yoniga qoladigan bo‘ldi
Uchko‘prik tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shu tumanda yashovchi fuqaro A.S.ning xarid qilingan tovardan foydalanish davrida yuzaga kelgan nuqsonni bartaraf etilishida amaliy yordam ko‘rsatilishi so‘rab qilingan murojaati o‘rganildi.
Fuqaro o‘z murojaatida ma’lum qilishicha, u tumandagi kredit savdo do‘konidan kuzatuv kamerasi xarid qiladi va undan muntazam foydalanishni boshlaydi. Oradan 3 oy o‘tib, kuzatuv kamerasi noma’lum sabablarga ko‘ra ishlamay qoladi. Bu haqda savdo do‘koni mas’ullariga qilingan murojaati asosida ular tomonidan ko‘zdan kechirish natijalariga ko‘ra esa kamera 500 000 so‘m evaziga tuzatilishi bo‘yicha javob oladi. Shundan so‘ng tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilishga qaror qiladi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, uzoq muddat foydalaniladigan barcha turdagi tovarlarga kafolat muddati belgilanib, kafolat muddati mobaynida tovarning normal ishlashini ta’minlab berilishi to‘g‘risida normalar belgilab qo‘yilgan. Kafolat muddati davomidagi iste’molchining muhim huquqlaridan biri tovarda yuzaga kelgan nuqsonni bepul bartaraf etilishini talab qilish huquqidir. Shuning bilan birgalikda, nuqsonlarni bartaraf etilishi bo‘yicha muddatlar ham belgilangan bo‘lib, ushbu muddatlarga amal qilmaslik, ularni o‘tkazib yuborish sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan iste’molchiga neustoyka (penya) to‘lashga ham sabab bo‘ladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, tuman jamiyati tomonidan fuqaro murojaati asosida kredit savdo do‘koniga yuzaga kelgan holat, ushbu holatda amaldagi qonunchilik talablari va muammoning yechimi yuzasidan kiritilgan so‘rovga ko‘ra kuzatuv kamerasi bepul ta’mirlanib, iste’molchi qo‘liga soz holatda topshirilishiga erishildi.
Yulduzxon Abduraxmonova,
tuman jamiyati mutaxassisi.
Post Comment