Qudaga razmeri mos kelmagan ko‘ylakning puli qaytarildi
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning «Orolbo‘yi» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi M. N. (ayol)ning do‘kondan ayol qudasiga sovg‘a uchun ko‘ylak xarid qilgani, lekin qudaga razmeri biroz mos kelmaganidan so‘ng ko‘ylakni do‘kondan almashtirib ololmayotganligi xususidagi murojaati o‘rganildi.
Fuqaro murojaatida bildirishicha, shahar markazidagi ayollar liboslari bilan savdo qiluvchi do‘kondan 1 100 000 so‘mga sovg‘a qilish maqsadida xarid qilgan ko‘ylakning razmeri qudasiga mos kelmagach, do‘konga qaytarib olib boradi va sotuvchiga «Mos kelmasa almashtirib beraveramiz», degan va’dasini eslatadi. Sotuvchi xuddi shu rusum(fason)dagi ko‘ylakning iste’molchi so‘ragan razmeridan qolmaganini aytgach esa, u holda puli qaytarilishini so‘raydi. Lekin sotuvchi tomonidan tovar qaytarib olinib, pul iste’molchiga qaytarilishi rad qilinadi. Shundan so‘ng fuqaro yuzaga kelgan muammoga yechim izlab shahar jamiyatiga tashrif buyuradi.
Shu o‘rinda, bunday holat amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 18-moddasidagi normalar bilan tartibga solinishini, unga ko‘ra iste’molchi maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan e’tiboran o‘n kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga bunday tovar sotuvda bo‘lmasa, pulini qaytarib olishga haqli ekanligini eslatib o‘tishimiz joizdir. Faqatgina bunda tovarni O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tasdiqlagan qoidalardagi almashtirib berilmaydigan tovarlar ro‘yxatida bo‘lmasligi talab qilinadi.
Murojaatni o‘rganish doirasida qonunning yuqoridagi talablari yuzasidan sotuvchi bilan targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borilgach, iste’molchidan razmeri mos kelmagan ko‘ylak qaytarib olinib, unga 1 100 000 so‘m pul mablag‘i qaytarib berilishiga erishildi.
Muhammadaziz Isaqov,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi.
(illyustrativ foto)
Post Comment