Iste’molchining 6 million so‘mdan ortiq summadagi pullari tezkorlikda o‘ziga qaytarildi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi mutaxassislari Toshloq tumani «So‘kchilar» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi U.X.ning sotuvchiga qaytarilgan nuqsonli tovarning pulini qaytarib ololmayotganligi xususida Federatsiyada tashkil etilgan 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaatini o‘rgandilar.
Murojaatchi bayon qilishicha, u shu yilning iyul oyi o‘rtalarida «Ishonch» kredit savdo do‘konlari tarmog‘idan muddatli to‘lov shartnomasi asosida, narxi 6 670 982 so‘mlik, 1 dona FCJCFY Megna CHSI-18H INV (+ten) 18000 BTU rusumli kondisionerni xarid qilib, 5 400 000 so‘m oldindan to‘lovni amalga oshirgan. Kondisioner iste’molchining xonadoniga olib borib o‘rnatilganida ishlamagan. Shundan keyin xonadonga tashrif buyurgan boshqa mutaxassislar tomonidan ko‘rsatilgan pullik texnik xizmat ham natija bermagach, kondisioner avgust oyini boshlarida yechib olib ketilgan. Lekin o‘tgan vaqt davomida iste’molchining bank kartasidan oylik to‘lov summasi yechib borilgan. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, amalga oshirgan oldindan to‘lovi hamda plastik kartasidan shu kunga qadar yechilgan mablag‘larni qo‘shib hisoblanganda undan 6 100 000 so‘m atrofida mablag‘ olingan.
Hududiy birlashma mutaxassisi tomonidan holatga qo‘shimcha aniqlik kiritilgach, savdo do‘koni rahbari nomiga amaldagi qonunchilik talablari, ularni ijrosini ta’minlanmasligi oqibatida kelib chiquvchi huquqiy oqibatlar to‘g‘risida xat kiritilib, unda iste’molchi bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish hamda uning pul mablag‘larini qaytarilishi choralarini ko‘rilishi so‘ralgach, iste’molchining 6 098 704 so‘m pul mablag‘larini to‘liq qaytarib, bu haqda javob xati yuborgan do‘kon rahbariyati amaldagi qonunchilik talablariga hurmat bilan yondoshishlarini namoyish qildilar. Iste’molchi esa o‘z o‘rnida murojaatini o‘rganish natijalaridan qoniqish hosil qilganini, sotuvchiga boshqa e’tirozlari yo‘qligini ma’lum qildi.
Faxriddin Boynazarov,
hududiy birlashma sektor boshlig‘i.
Post Comment