Tizim tashkilotlarimiz xayrli tashabbuslardan chetda turgani yo‘q
Bugungi kunda mamlakatimizda aholi farovonligini oshirish, oilalarni kambag‘allikdan chiqarish va ularning barqaror daromad manbaini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bu yo‘nalishda kompleks chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilib, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlikka jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ushbu ezgu ishlarga O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining hududiy tashkilotlari ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Jumladan, Federatsiyaning Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tuman hokimligi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ijtimoiy loyihalar doirasida yana bir xayrli tadbir tashkil etildi.
Tadbir davomida Yakkovut mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi, boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand oilaga daromad manbaini yaratish maqsadida 150 dona bedana taqdim etildi. Ushbu tashabbus oilaning o‘zini o‘zi band qilishi, qo‘shimcha daromad olishi hamda turmush farovonligini yaxshilashiga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Bugun mazkur xonadonga tashrif buyurgan Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi U. Mirzaumarov hamda boshqa mas’ullar bedanalarni oila a’zolariga topshirib, ular bilan samimiy muloqot o‘tkazdilar. Suhbat davomida oilaning holidan xabar olinib, ularga doimiy e’tibor va amaliy ko‘mak ko‘rsatilishini ta’kidladilar.
Bu kabi xayrli ishlar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning hayot sifatini yaxshilash hamda mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning yana bir amaliy ifodasi hisoblanadi.



Post Comment