Mustaqillik bayrami arafasida ma’naviy-ma’rifiy tadbir
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi bayrami arafasida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Farg‘ona viloyatidagi tuman va shahar jamiyatlari tomonidan turli shakldagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Dang‘ara tumanidagi 107-oilaviy poliklinikada o‘tkazilib, unda tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.
Federatsiyaning Dang‘ara tuman jamiyati tomonidan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonunchilikning shakllanishi va rivojlanishi haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, iste’molchilarning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida yaratilgan imkoniyatlar xususida ishtirokchilar bilan o‘zaro fikr almashildi.
Tadbir davomida iste’molchilar huquqlarini bilish va ulardan amalda foydalanish muhimligi ta’kidlanib, bu borada aholi o‘rtasida huquqiy savodxonlikni oshirish, iste’molchilik madaniyatini yuksaltirish hamda qonunchilikda belgilangan huquq va kafolatlar haqida keng tushuntirish ishlarini olib borish zarurligi qayd etildi. Bunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar aholining huquqiy bilimini oshirish va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.



Post Comment