Federatsiya fuqaroga yetkazilgan salkam 3 million so‘mlik moddiy va ma’naviy zararlarni undirib berdi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi tomonidan Quvasoy shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro M.Yu.ning manfaatlarini ko‘zlab Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilgandi. Shu kunlarda mazkur da’vo arizasi sudda ko‘rib chiqildi va masala yuzasidan hal qiluv qarori qabul qilindi.
Fuqaroning hududiy birlashmaga murojaat qilishiga «Xalq banki» Farg‘ona filialidan o‘z nomiga kredit rasmiylashtirmagan bo‘lsada, mazkur bankda ochilgan plastik kartasidan olingan kreditni so‘ndirish uchun to‘lov sifatida mablag‘ yechilganligi va mazkur holatda yuzaga kelgan tushunmovchilikka o‘z kuchi bilan aniqlik kirita olmaganligi sabab bo‘lgan. Ushbu murojaatni o‘rganish doirasida, masalaga aniqlik kiritish uchun bank muassasasiga kiritilgan so‘rov yo‘li bilan muammoni to‘laqonli hal qilishning imkoni bo‘lmagach, hududiy birlashma fuqaroning manfaatlarini ko‘zlab sudga da’vo arizasi kiritdi.
Sud murojaatni o‘rganishga taalluqli hujjatlarni o‘rganib chiqib, masalani fuqaroning foydasiga hal qilish to‘g‘risida qaror chiqardi. Unga ko‘ra, «Xalq bank»dan fuqaro M.Yu. foydasiga 2 739 574 so‘m moddiy hamda 100 000 so‘m ma’naviy zarar undirish belgilandi.
Faxriddin Boynazarov,
hududiy birlashma huquqiy himoya sektori boshlig‘i.
Post Comment