Servisda kechiktirilgan kir yuvish mashinasi iste’molchiga qaytarildi
Iste’molchi tovar yoki xizmat xarid qilganda nafaqat sifatli mahsulot olishga, balki unga kafolat muddati davomida o‘z vaqtida va sifatli servis xizmati ko‘rsatilishini ham talab qilish huquqiga ega. Agar vakolatli servis markazi o‘z majburiyatlarini bajarmasa yoki ta’mirlash ishlarini asossiz kechiktirsa, iste’molchi bu holat yuzasidan tegishli tashkilotlarga murojaat qilishi mumkin.
Aynan shunday murojaatlardan biri O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa ishonch telefoni orqali qabul qilinib, qisqa muddat ichida ijobiy hal etildi.
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida yashovchi fuqaro B. N. Federatsiyaning 1091 ishonch telefoniga murojaat qilib, Qo‘qon shahridagi maishiy texnika do‘konidan xarid qilgan “Shivaki 8 KG” rusumli kir yuvish mashinasi buzilgani, mahsulot vakolatli “ARTEL” servis xizmati tomonidan ta’mirlash uchun olib ketilgani, ammo uzoq vaqt davomida qaytarib berilmaganidan noroziligini bildirgan.
Murojaat Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan zudlik bilan o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida aniqlanishicha, iste’molchi kir yuvish mashinasini 2024 yil iyul oyida 4 million 500 ming so‘mga xarid qilgan. Keyinchalik mahsulotda nosozlik yuzaga kelgach, u vakolatli servis markaziga topshirilgan. Biroq servis xizmati mahsulotni ta’mirlash uchun olib ketgan bo‘lsa-da, uni o‘z vaqtida qaytarib bermagan. Bu holat iste’molchining haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan.
Mutaxassislar tomonidan servis xizmati bilan bog‘lanilib, holatga huquqiy va amaliy jihatdan aniqlik kiritildi.
Olib borilgan ishlar natijasida “ARTEL” servis xizmati mutaxassislari kir yuvish mashinasidagi nosozlikni bartaraf etib, uni to‘liq ishchi holatga keltirgan hamda 2026 yil 5 iyul’ kuni iste’molchining yashash manziliga yetkazib bergani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda iste’molchining o‘zi bilan qayta aloqaga chiqilib, ma’lumot tasdiqlandi.
Shundan so‘ng Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan murojaatchiga rasmiy javob xati yuborilib, murojaat yuzasidan ko‘rilgan choralar haqida ma’lumot berildi.
Bu holat har bir iste’molchi uchun muhim xulosalarni ko‘rsatadi:
– kafolat muddatida mahsulot nosoz bo‘lsa, vakolatli servis xizmatiga murojaat qilish huquqingiz bor;
– mahsulot ta’mirlash uchun qabul qilinganda qabul qilish dalolatnomasi yoki hujjatini saqlab qo‘ying;
– servis xizmati ta’mirlash ishlarini asossiz kechiktirsa yoki mahsulotni qaytarib bermasa, huquqlaringizni talab qilishdan tortinmang;
– muammo hal etilmagan taqdirda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaat qiling.
Mazkur murojaat yana bir bor shuni ko‘rsatdiki, iste’molchi o‘z huquqlarini bilsa va o‘z vaqtida murojaat qilsa, ko‘plab muammolarni sudgacha bo‘lgan bosqichda hal etish mumkin.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hamda uning hududiy jamiyatlari tomonidan har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda.
📞 Huquqlaringiz buzildimi?
1091 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali murojaat qiling.
🌐 Elektron murojaat: https://murojaat.istemol.uz



Post Comment