Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar holidan xabar olinmoqda

Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar holidan xabar olinmoqda

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi tomonidan qabul qilingan “Jamoatchilik nazorati tartibida monitoring o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyruq asosida respublika bo‘ylab keng qamrovli o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Mazkur buyruqqa muvofiq, jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan, shuningdek, uzoq vaqt davolanishga muhtoj bolalarning uyda yakka tartibda ta’lim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganilmoqda.

Xususan, Federatsiyaning Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi tomonidan tuman va shaharlarda ishchi guruhlar shakllantirilib, uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilar holidan xabar olish, ularning ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishish hamda mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda.
O‘rganishlar jarayonida nafaqat o‘quvchi bolaning ta’lim olishi bilan bog‘liq sharoitlar, balki ularning ota-onalari va xonadon egalarining iste’mol sohasiga oid muammolari ham o‘rganilmoqda. Eng muhimi, aniqlangan masalalarni joyida hal qilish choralari ko‘rilayotgani aholi tomonidan ijobiy baholanmoqda.

Jumladan, Oltiariq tumanida uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan Sh.Abdug‘anieva va R.Abdug‘anievalarning tibbiy ko‘rikdan o‘tish bilan bog‘liq muammosi o‘rganilib, mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ularning xonadonlarida bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Bu esa bolalarning salomatligini muhofaza qilish va ular uchun qulay sharoit yaratish yo‘lidagi muhim amaliy qadam bo‘ldi.

Quvasoy shahrida esa M.Boltaboevning uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan nevarasi uchun zarur o‘quv dastgohlari bilan ta’minlash masalasi yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatilib, mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda muammoni hal etish choralari ko‘rildi.

Dang‘ara tumanida istiqomat qiluvchi L.Oybekov tomonidan yashash hududidan maishiy chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmayotganligi bo‘yicha bildirilgan murojaat ham o‘rganilib, tegishli kommunal xizmat tashkilotlari ishtirokida muammoni bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Shuningdek, Beshariq tumanida L.Bo‘taev tomonidan ko‘tarilgan toza ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq masala ham mas’ul tashkilotlar ishtirokida joyiga chiqqan holda o‘rganildi va uni ijobiy hal etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Federatsiya tomonidan amalga oshirilayotgan bunday jamoatchilik monitoringlari aholining nafaqat ta’lim, balki iste’mol sohasidagi muammolarini ham aniqlash va ularni tezkor hal qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, alohida e’tibor va g‘amxo‘rlikka muhtoj bolalar hamda ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ishlar jamiyatda ijtimoiy mas’uliyat va insonparvarlik tamoyillari mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

Mazkur monitoring ishlari yakunlari bo‘yicha tegishli davlat va jamoat tashkilotlariga tahliliy takliflar kiritilishi rejalashtirilgan.

Отправить комментарий