Suv ta’minoti bo‘yicha yuzaga kelgan salkam 4 million qarzdorlik qayta hisob-kitob orqali kamaytirildi

Suv ta’minoti bo‘yicha yuzaga kelgan salkam 4 million qarzdorlik qayta hisob-kitob orqali kamaytirildi

Marg‘ilon shahrida yashovchi fuqaro X.E. ichimlik suvi bo‘yicha katta miqdorda hisoblangan qarzdorlikdan norozi bo‘lib, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Marg‘ilon shahar jamiyatiga murojaat qildi. Murojaat asosida olib borilgan o‘rganishlar natijasida iste’molchining manfaatlari himoya qilinib, qarzdorlik miqdori sezilarli darajada kamaytirildi.

O‘rganish jarayonida xonadonga o‘rnatilgan suv hisoblagich 2018 yilda ishlab chiqarilgan “Novator” rusumli hisoblagich ekani, u nosoz holatga kelib qolgani hamda davlat standart tamg‘asi va nazorat muhri mavjud emasligi aniqlandi. Shuningdek, ushbu hisoblagich suv ta’minoti tashkilotining billing bazasiga kiritilmagani ma’lum bo‘ldi. Hujjatlarda qayd etilishicha, billing tizimida esa avvalgi — 2016 yilda qayta qiyoslovdan o‘tkazilgan boshqa hisoblagich ma’lumotlari saqlanib qolgan. Natijada iste’mol qilingan suv hajmi me’yoriy tartibda qayta hisoblanib, xonadonga 3 million 945 ming 400 so‘m qarzdorlik hisoblangan.

Masala yuzasidan “Farg‘ona suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati Marg‘ilon shahar filiali hamkorligida qo‘shimcha o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganishlar davomida xonadonga yangi suv hisoblagich o‘rnatilib, u rasmiy billing bazasiga kiritildi.

Shundan so‘ng iste’mol qilingan suv miqdori amaldagi ko‘rsatkichlar asosida qayta hisob-kitob qilinib, avvalgi 3 million 945 ming 400 so‘mlik qarzdorlik 1 million 479 ming 248 so‘mgacha tushirildi. Shu tariqa, iste’molchiga qariyb 2,5 million so‘mdan ortiq qarzdorlik asossiz hisoblangani ma’lum bo‘lib, uning huquq va qonuniy manfaatlari tiklandi.

Mazkur holat kommunal xizmatlar sohasida hisob-kitoblarni to‘g‘ri yuritish, suv hisoblagichlarini o‘z vaqtida rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish va texnik holatini nazorat qilish muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Shuningdek, fuqarolar asossiz qarzdorliklar yoki noaniq hisob-kitoblarga duch kelganda, o‘z huquqlarini himoya qilish uchun tegishli tashkilotlarga murojaat qilishi samarali natija berishi mumkinligi amalda o‘z tasdig‘ini topdi.

Отправить комментарий