Gaz ta’minotida iste’molchilar murojaatlariga e’tibor — muammolar yechimiga qadam
Aholini uzluksiz va sifatli ravishda maishiy gaz bilan ta’minlash kommunal xizmatlar sohasidagi eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, tabiiy gaz yoki suyultirilgan gaz ta’minotida yuzaga keladigan muammolar fuqarolarning kundalik turmushiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois iste’molchilarning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish va ularni hal etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu kunlarda Yozyovon tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga gaz ta’minoti bilan bog‘liq bir nechta murojaatlar kelib tushdi. Ushbu murojaatlar yuzasidan o‘rganishlar olib borilib, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy choralar ko‘rildi.
Xususan, Yozyovon tumani Porloq MFYda yashovchi S.O. o‘z murojaatida xonadonga suyultirilgan gaz baloni ikki oydan buyon yetkazib berilmayotgani, oila a’zolari uzoq vaqt navbat kutishga majbur bo‘layotganini bildirgan. Murojaat asosida o‘tkazilgan o‘rganish natijasida gaz ta’minoti xizmati tomonidan xonadon suyultirilgan gaz bilan ta’minlandi. Masala yuzasidan gaz ta’minotidagi kechikishlar gaz ishlab chiqaruvchi korxonalardan hudud uchun ajratilayotgan gaz hajmi kamligi va yetkazib berishdagi uzilishlar bilan bog‘liq ekani ma’lum qilindi.
Shunga o‘xshash murojaat Porloq MFYda yashovchi U.X.dan ham kelib tushdi. U ham ikki oy davomida gaz baloni o‘z vaqtida yetkazib berilmayotganidan norozi ekanini bildirgan. Murojaat joyiga chiqqan holda o‘rganilib, xonadon suyultirilgan gaz bilan ta’minlandi. Fuqaroga muammosi hal qilib berilishi bilan bir qatorda, maishiy gazdan xavfsiz foydalanish bo‘yicha tushuntirishlar ham berildi.
Yana bir murojaatchi Abdurahmon Mirzaev esa tabiiy gaz hisoblagichi uchun zarur to‘lovlarni amalga oshirgan bo‘lsa-da, hisob raqami ochilmayotgani va ikki oydan buyon gaz ta’minoti mavjud emasligidan shikoyat qilgan. Murojaat o‘rganilganda, hisob raqamini ochish uchun “Hududgazta’minot” tizimi orqali ariza kiritilgani va murojaat asosida hisob raqami ochib berilgani ma’lum bo‘ldi. Natijada xonadon tabiiy gaz ta’minotiga ulandi hamda fuqaroga huquqiy tushuntirish berildi.
Ushbu holatlar bir jihatni yaqqol ko‘rsatadi: iste’molchi o‘z huquqlarini bilsa va muammoga befarq bo‘lmay murojaat qilsa, masalaning ijobiy hal etilishiga erishish mumkin. Shuning uchun gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganda mas’ul tashkilotlarga yoki iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat qilish muhimdir. Zero, har bir iste’molchi sifatli va uzluksiz kommunal xizmatlardan foydalanish huquqiga ega.



Отправить комментарий