Asossiz qarzdorlik qayta hisob-kitob orqali bartaraf etildi
Iste’molchilarning kommunal xizmatlar sohasidagi huquqlarini himoya qilish, hisob-kitoblarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda murojaatlarni qonunchilik asosida hal etish O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari faoliyatining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Uchko‘prik tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan ko‘rib chiqilgan navbatdagi murojaat ham fuqaro manfaatlari yo‘lida ijobiy hal etildi.
Uchko‘prik tumani Yangibog‘ mahallasida yashovchi fuqaro N.O‘. chiqindi tashish xizmati uchun 206 ming so‘m qarzdorlik hisoblanganidan norozi bo‘lib, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi. Fuqaro mazkur qarzdorlik haqiqatga mos kelmasligini bildirib, masalaga huquqiy yordam ko‘rsatishni so‘radi.
Murojaat qabul qilingach, Uchko‘prik tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan holat atroflicha o‘rganildi. Masalaga aniqlik kiritish maqsadida chiqindi tashish xizmati ko‘rsatuvchi «Agro Rishton Ta’mir Servis» MChJga rasmiy so‘rov yuborilib, hisob-kitoblarni qayta ko‘rib chiqish va holat yuzasidan asoslangan ma’lumot taqdim etish so‘raldi. Korxona mutaxassislari ishtirokida olib borilgan o‘rganishlar davomida hisob-kitoblardagi kamchiliklar aniqlandi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, iste’molchining shaxsiy hisob raqami bo‘yicha qayta hisob-kitob amalga oshirilib, 206 ming so‘mlik qarzdorlikning 130 ming so‘mi asossiz hisoblangani aniqlandi va ushbu mablag‘ chiqarib tashlandi. Shu tariqa murojaat ijobiy hal qilinib, fuqaroning qonuniy manfaatlari tiklandi.
Mazkur holat kommunal xizmatlar sohasida iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, asossiz hisoblangan qarzdorliklarni bartaraf etish hamda murojaatlarni sudgacha bo‘lgan tartibda hal etish tizimi samarali ishlayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Agar kommunal xizmatlar bo‘yicha hisob-kitoblarda xatoliklar yoki boshqa huquqbuzarliklarga duch kelsangiz, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat qilish orqali huquqiy maslahat va amaliy yordam olishingiz mumkin.



Отправить комментарий