Federatsiyaning 1091 ishonch telefoni orqali kelib tushgan murojaatlar ijobiy hal etilmoqda

Federatsiyaning 1091 ishonch telefoni orqali kelib tushgan murojaatlar ijobiy hal etilmoqda

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tizim tashkilotlariga chiqindilarni to‘plash va olib ketish xizmatlari yuzasidan ko‘plab murojaatlar kelib turibdi. Dangara tumanidan kelib tushgan navbatdagi murojaat ham jamiyat mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, ijobiy hal etildi.

Dangara tumani Qashqar mahallasida yashovchi fuqaro Sh. A. Federatsiyaning 1091 qisqa ishonch telefoni orqali murojaat qilib, yashash hududiga chiqindi tashish xizmati ko‘rsatuvchi maxsus texnikalar o‘z vaqtida kelmayotgani sababli chiqindilar uzoq vaqt olib ketilmayotganidan noroziligini bildirdi.

Murojaat belgilangan tartibda Dangara tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan qabul qilinib, holat joyiga chiqqan holda o‘rganildi. O‘rganish jarayoniga chiqindi tashish xizmati ko‘rsatuvchi «Agro Rishton Ta’mir Servis» MChJ mas’ullari ham jalb etildi. O‘rganuv ishlari maxsus texnikalarning boshqa hududlarga jalb etilgani sababli xizmat ko‘rsatishda kechikishlar yuzaga kelgani aniqlandi.

Mas’ullar ishtirokida o‘tkazilgan muhokamalar natijasida xizmat ko‘rsatishdagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar belgilandi. Korxona rahbariyati bilan kelishuvga muvofiq, hududga maxsus texnikalar muntazam ravishda chiqarilishi va chiqindilar belgilangan jadval asosida olib ketilishi ta’minlandi. Natijada murojaatchi yashaydigan mahallada to‘planib qolgan chiqindilar to‘liq olib ketildi.

Murojaat yakuni bo‘yicha fuqaroga rasmiy javob xati yuborilib, ko‘rilgan chora-tadbirlar hamda xizmat ko‘rsatish tartibi haqida batafsil ma’lumot berildi. Shu tariqa iste’molchining murojaati ijobiy hal qilinib, uning qonuniy manfaatlari ta’minlandi.

Mazkur holat iste’molchilarning kommunal xizmatlar sohasidagi huquqlarini himoya qilish, aholi murojaatlarini joyiga chiqqan holda o‘rganish va muammolarni sudgacha bo‘lgan tartibda hal etish amaliyoti samarali natija berayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Agar kommunal xizmatlar, savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohasida huquqlaringiz buzilgan deb hisoblasangiz, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga yoki Federatsiyaning 1091 qisqa ishonch telefoniga murojaat qilib, huquqiy maslahat va amaliy yordam olishingiz mumkin.

Отправить комментарий