Lavash o‘lchami bo‘yicha e’tiroz bildirilgan murojaat o‘rganildi
Bugungi kunda onlayn buyurtmalar hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Biroq mahsulot haqida to‘liq va aniq ma’lumot berilmasligi ba’zan iste’molchilarda tushunmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Ana shunday holatlardan biri Farg‘ona viloyatida yashovchi fuqaro murojaati orqali o‘z yechimini topdi.
Farg‘ona viloyati Furqat tumanida yashovchi fuqaro M. A. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qildi. Uning murojaatida Qo‘qon shahridagi EVOS savdo nuqtasidan 72 000 so‘mlik mahsulot buyurtma qilgani, ammo lavash o‘lchami kutilganidan ancha kichik chiqqanini bildirdi. Shuningdek, mahsulotning aniq o‘lchami rasmiy sahifada ko‘rsatilmagani iste’molchini norozi qilgan.
Murojaat hududiylik asosida Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yuborildi. Mutaxassislar holatni o‘rganib, murojaatda ko‘tarilgan masala yuzasidan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot — «MAK FOOD SERVIS» MChJga rasmiy xat kiritdi hamda aniq tushuntirish berish va zarur choralarni ko‘rilishi so‘raldi.
O‘rganuv jarayonida ma’lum bo‘lishicha, buyurtma berish platformasida mahsulot o‘lchamlari santimetrlarda emas, balki L, M va S kabi shartli belgilar orqali ko‘rsatilgan. Bu esa iste’molchida mahsulot hajmi bo‘yicha noto‘g‘ri tasavvur shakllanishiga sabab bo‘lgan. Korxona vakillari iste’molchi bilan bevosita bog‘lanib, vaziyatni tushuntirgan.
Shu bilan birga, kompaniya iste’molchiga ehtirom belgisi sifatida o‘z hisobidan mahsulotlar to‘plamini taqdim etgan. Fuqaro ko‘rilgan choralardan qoniqqanini, da’vosi qolmaganini hamda kompaniya xodimlarining munosabati uchun minnatdorlik bildirganini ma’lum qilgan.
Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan rasmiylashtirilgan ma’lumotnomada ham mutaxassislar olib borgan tushuntirish ishlaridan so‘ng murojaat ijobiy hal etilgani qayd etilgan.
Ushbu holat iste’molchilar uchun ham, tadbirkorlar uchun ham muhim saboq bo‘ldi.
Iste’molchilar buyurtma berishdan oldin mahsulot tavsifi bilan sinchiklab tanishishi lozim. Savdo va xizmat ko‘rsatuvchi sub’ektlar esa mahsulot haqidagi barcha muhim ma’lumotlarni, jumladan uning o‘lchami, vazni, tarkibi va boshqa xususiyatlarini aniq hamda tushunarli shaklda taqdim etishi iste’molchilar ishonchini mustahkamlaydi.
Eng muhimi, murojaatga o‘z vaqtida munosabat bildirilishi va konstruktiv muloqot orqali masalaning sudgacha yechim topishi ham iste’molchi, ham tadbirkor manfaatlariga xizmat qildi.
Agar Siz ham tovar yoki xizmat sifati, mahsulot haqida noto‘liq ma’lumot berilishi yoki boshqa iste’mol muammolariga duch kelsangiz, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaat qilishingiz mumkin.



Отправить комментарий