Yetarlicha issiqlik yetkazib berilmagani iste’molchining qarzdorlikni 50 foizidan ozod etilishiga sabab bo‘ldi
Kommunal xizmatlar uchun to‘lov qilish har bir iste’molchining qonuniy majburiyati hisoblanadi. Biroq xizmat belgilangan sifat talablariga javob bermasa yoki to‘liq hajmda ko‘rsatilmasa, iste’molchi ham o‘z huquqlarini himoya qilishga haqli.
Ana shunday holatlardan biri Marg‘ilon shahrida yashovchi fuqaro bilan bog‘liq nizoda o‘z yechimini topdi. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Marg‘ilon shahar jamiyati iste’molchi manfaatlarini sudda himoya qilib, uning huquqlari tiklanishiga erishdi.
Marg‘ilon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro N.Z. yashab turgan ko‘p qavatli uyda 2025–2026 yillar kuz-qish mavsumi davomida issiqlik ta’minoti talab darajasida bo‘lmagan.
Shunga qaramasdan, issiqlik ta’minoti korxonasi tomonidan unga 880 827 so‘m qarzdorlik hamda 89 608 so‘m penya hisoblangan. Fuqaro bir necha bor murojaat qilganidan so‘ng xizmat sifatsiz ko‘rsatilgani haqida dalolatnoma rasmiylashtirilgan, ammo qarzdorlik to‘liq bekor qilinmagan. Shu bois uning manfaatlarini ko‘zlab Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati sudga da’vo arizasi kiritdi.
Sud muhokamasi davomida:
— xonadonga belgilangan darajada issiqlik yetkazib berilmagani;
— bu holat vakolatli mutaxassislar tomonidan tuzilgan dalolatnoma bilan tasdiqlangani;
— issiqlik ta’minoti korxonasi ham qayta hisob-kitob qilish lozimligini qisman tan olgani aniqlandi.
Sud ish materiallarini har tomonlama o‘rganib, amaldagi qonunchilik va kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalariga asoslangan holda xizmat sifatsiz ko‘rsatilgani uchun iste’molchining talabi asosli degan xulosaga keldi.
Sud qaroriga muvofiq:
— fuqaroga hisoblangan kommunal qarzdorlikning 50 foizi bekor qilindi;
— javobgardan davlat foydasiga davlat boji undirildi.
Shu tariqa iste’molchining huquqlari sud orqali himoya qilindi.
Kommunal xizmatlardan foydalanuvchilar quyidagilarni esda tutishlari muhim:
— agar issiqlik ta’minoti belgilangan sifat talablariga javob bermasa, bu haqda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga darhol murojaat qiling;
— holatni rasmiylashtirish uchun dalolatnoma tuzilishini talab qiling;
— murojaatlaringiz va javob xatlarini saqlab qo‘ying;
— xizmat sifatsiz ko‘rsatilgan bo‘lsa, qayta hisob-kitob qilishni talab qilish huquqiga egasiz;
— muammo hal etilmasa, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat qiling.
Ushbu sud qarori yana bir bor shuni ko‘rsatdiki, kommunal xizmatlar uchun haq to‘lash majburiyati xizmat sifati bilan chambarchas bog‘liq. Agar xizmat to‘liq yoki sifatli ko‘rsatilmagan bo‘lsa, iste’molchi o‘z huquqlarini qonun yo‘li bilan himoya qilishi mumkin.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hamda uning hududiy jamiyatlari fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, zarur hollarda esa ularning manfaatlarini sudlarda ham himoya qilish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.



Отправить комментарий