Qayta hisob-kitob natijasida qarzdorlikning asossiz qismi bekor qilindi
Ba’zan iste’molchilar o‘zlari foydalanmagan yoki haqiqatga mos kelmaydigan xizmatlar uchun katta miqdordagi qarzdorlik hisoblanganidan norozi bo‘lib murojaat qilishadi. Aksariyat hollarda bunday vaziyatlar ma’lumotlar bazasidagi xatoliklar, abonent manzilining o‘zgarishi yoki hisob-kitoblarning to‘liq aniqlashtirilmagani sababli yuzaga keladi.
Shunday holatlardan biri Qo‘shtepa tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro D. A. bilan bog‘liq murojaatda ham kuzatildi.
Fuqaro O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 ishonch telefoni orqali murojaat qilib, «Vodiy maxsus sanitar trans» MChJ tomonidan unga 1 068 000 so‘m miqdorida noreal qarzdorlik hisoblangani yuzasidan e’tiroz bildirdi. U murojaatida yangi manzilda atigi uch oy yashaganiga qaramay, ushbu miqdordagi qarzdorlik hisoblangani adolatsiz ekanini ma’lum qilgan.
Murojaat Qo‘shtepa tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan zudlik bilan nazoratga olindi.
O‘rganishlar xizmat ko‘rsatuvchi korxonaning abonentlar bilan ishlash mas’ullari ishtirokida olib borildi. Qo‘shimcha tekshiruvlar davomida fuqaro avval yashagan manzildan Marg‘ilon shahridagi yangi yashash manziliga ko‘chib o‘tgani hamda yangi manzil bo‘yicha xizmatlar uchun to‘lovlarni muntazam amalga oshirib kelayotgani aniqlandi.
O‘rganish natijasida dastlab hisoblangan 1 068 000 so‘mlik qarzdorlik qayta hisob-kitob qilindi.
Natijada qarzdorlik miqdori 237 760 so‘m etib belgilandi. Shunday qilib, asossiz hisoblangan 830 ming so‘mdan ortiq qarzdorlik bekor qilinib, iste’molchining murojaati qanoatlantirildi.
Keyinchalik rasmiy ma’lumotnomada ham mazkur holat yana bir bor tasdiqlanib, fuqaroning manzilini o‘zgartirgani va aynan shu sababli hisob-kitob qayta ko‘rib chiqilgani qayd etilgan.
Mazkur holat shuni ko‘rsatadiki, kommunal va maishiy xizmatlar bo‘yicha hisoblangan qarzdorlik doimo ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi. Ayrim hollarda ma’lumotlar bazasidagi kamchiliklar yoki abonent haqidagi ma’lumotlarning o‘z vaqtida yangilanmagani sababli asossiz qarzdorlik yuzaga kelishi mumkin.
Bunday vaziyatlarda iste’molchilar o‘z huquqlarini himoya qilishdan tortinmasligi, hisob-kitoblarni qayta tekshirtirishni talab qilishi va zarur hollarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat qilishi muhimdir.
Qo‘shtepa tumanida yuz bergan ushbu holat ham murojaat o‘z vaqtida va xolisona o‘rganilganda iste’molchining qonuniy manfaatlarini tiklash mumkinligini yana bir bor tasdiqladi.
Huquqingiz buzildimi?
Kommunal yoki boshqa xizmatlar bo‘yicha sizga ham asossiz qarzdorlik hisoblangan bo‘lsa, muammoni e’tiborsiz qoldirmang.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududiy tashkilotlari murojaatingizni o‘rganib, qonuniy manfaatlaringizni himoya qilishda amaliy yordam ko‘rsatadi.



Отправить комментарий