Iste’molchilarga suyultirilgan gaz yetkazib berish borasidagi muammolar dolzarbligicha qolmoqda
Aholini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz va o‘z vaqtida ta’minlash bugungi kunda eng muhim ijtimoiy masalalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, tabiiy gaz tarmog‘i yetib bormagan hududlarda yashovchi aholi uchun suyultirilgan gaz kundalik turmushning ajralmas qismi sanaladi. Shu bois uni yetkazib berishdagi har qanday kechikish yoki uzilish iste’molchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida yashovchi bir necha fuqarolarning murojaatlari ham mazkur muammoning hanuz dolzarbligini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Yozyovon tuman jamiyatiga fuqarolar J.M., M.T. va N.M.lar tomonidan suyultirilgan gaz ta’minoti bilan bog‘liq alohida-alohida murojaatlar kelib tushdi.
Har bir murojaat yuzasidan mutasaddi tashkilotlar ishtirokida o‘rganishlar o‘tkazildi. Natijada murojaatchilarning xonadonlari belgilangan tartibda suyultirilgan gaz bilan ta’minlandi va ularning murojaatlari ijobiy hal etildi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqqan «Hududgaz Farg‘ona» gaz ta’minoti filiali mas’ullari mazkur holatlarga ham izoh berdi. Ularning ma’lum qilishicha, aholi tomonidan bildirilayotgan haqli e’tirozlar asosan:
— suyultirilgan gaz yetkazib berish navbatining cho‘zilishi;
— gaz ishlab chiqaruvchi zavodlar tomonidan viloyat uchun ajratilayotgan fond hajmining yetarli emasligi;
— ajratilgan hajmlarni hududlarga o‘z vaqtida yetkazib berishdagi uzilishlar bilan bog‘liq. Shuningdek, fond hajmi oshirilishi bilan mazkur uzilishlar qisqa muddatlarda bartaraf etilishi ta’kidlangan.
Bu esa muammo ayrim xonadonlar bilan emas, balki ta’minot zanjiridagi tizimli omillar bilan ham bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.
Yozyovon tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari har bir murojaat bo‘yicha joyiga chiqqan holda o‘rganish o‘tkazdi.
Gaz ta’minoti xizmati xodimlari ishtirokida dalolatnomalar rasmiylashtirildi, murojaatchilarning xonadonlari ko‘zdan kechirildi va belgilangan tartibda gaz balonlari yetkazib berildi. Shu bilan birga, fuqarolarga gazdan xavfsiz foydalanish qoidalari yuzasidan ham qo‘shimcha tushuntirishlar berildi.
Bu amaliyot iste’molchilar murojaatlari e’tiborsiz qolmayotganini va har bir holat bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilayotganini ko‘rsatadi.
Suyultirilgan gaz ta’minoti bilan bog‘liq murojaatlar boshqa hududlarda ham kuzatilmoqda. Jumladan, Qo‘shtepa tumanida yashovchi fuqaro I.Q. ham Federatsiyaning 1091 ishonch telefoni orqali suyultirilgan gaz baloni bilan ta’minlash masalasida murojaat qilgan.
Murojaat Qo‘shtepa tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tezkor o‘rganildi. Gaz ta’minoti xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida xonadonda maishiy gaz balonidagi gaz tugagani aniqlanib, belgilangan tartibda suyultirilgan gaz baloni bilan ta’minlandi. Natijada murojaat ijobiy hal etildi va iste’molchi talabi qanoatlantirildi.
Bu kabi misollar Federatsiyaning hududiy jamiyatlari aholi murojaatlarini joyiga chiqqan holda o‘rganib, mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda muammolarni qisqa muddatlarda hal etishga intilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududiy jamiyatlari murojaatingizni o‘rganib, mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda huquq va qonuniy manfaatlaringizni himoya qilishda amaliy yordam ko‘rsatadi.
📞 1091 — ishonch telefoni.
🌐 murojaat.istemol.uz orqali elektron murojaat yuborishingiz yoki hududingizdagi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilishingiz mumkin.



Отправить комментарий