Issiqlik ta’minoti yo‘nalishida yana bir fuqaroning huquqi sudda himoya qilindi
Kommunal xizmatlar uchun o‘z vaqtida haq to‘lash har bir iste’molchining majburiyati hisoblanadi. Biroq buning muqobilida xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot ham o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni to‘liq va sifatli bajarishi shart. Agar xizmat belgilangan talab darajasida ko‘rsatilmagan bo‘lsa, iste’molchidan uning uchun haq undirish qonunchilik talablariga zid hisoblanadi.
Marg‘ilon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro M. S. bilan bog‘liq sud ishi ana shuning yaqqol misolidir. Mazkur nizoda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Marg‘ilon shahar jamiyati fuqaro manfaatlarini sudda himoya qildi va adolat qaror topdi.
Hujjatlarga ko‘ra, Marg‘ilon shahri Guliston mahallasida yashovchi M. S. istiqomat qilayotgan ko‘p qavatli uyda 2023 yildan buyon issiqlik ta’minoti talab darajasida ta’minlanmagan.
Fuqaro bu haqda bir necha bor issiqlik ta’minoti korxonasiga murojaat qilgan. 2025 yil dekabr oyida ham rasmiy murojaat yo‘llangan bo‘lsa-da, vaziyatni o‘rganish bo‘yicha dalolatnoma faqat 2026 yil fevral oyida rasmiylashtirilgan. Shunga qaramay, xizmat ko‘rsatuvchi korxona tomonidan iste’molchiga 454 ming 514 so‘m asosiy qarz va 22 ming 351 so‘m penya hisoblangan.
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati murojaatni o‘rganib chiqib, fuqaro manfaatlarini ko‘zlab Farg‘ona viloyati Issiqlik manbai MChJga nisbatan sudga da’vo arizasi kiritdi.
Da’voda iste’molchiga sifatsiz xizmat ko‘rsatilgani, shu bois hisoblangan qarzdorlik va penya asossiz ekani qayd etildi.
Sud ish materiallari, taraflarning tushuntirishlari hamda taqdim etilgan dalillarni har tomonlama o‘rgandi. Jumladan, 2026 yil 2 fevral kuni tuzilgan dalolatnomada mazkur ko‘p qavatli uylarga 2025–2026 yilgi kuz-qish mavsumida yetarli darajada issiqlik yetkazib berilmagani qayd etilgani sud tomonidan asosiy dalil sifatida inobatga olindi.
Shuningdek, sud O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi 194-son qarori bilan tasdiqlangan kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalari talablarini tahlil qildi.
Mazkur qoidalarga muvofiq, agar iste’molchi issiqlik ta’minoti yetarli emasligi haqida murojaat qilsa, yetkazib beruvchi belgilangan muddatda holatni o‘rganib, dalolatnoma tuzishi hamda o‘z aybi bilan yetkazib berilmagan issiqlik energiyasi qiymatini qayta hisob-kitob qilishi shart.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga ko‘ra:
— 454 514 so‘m asosiy qarzdorlik;
— 22 351 so‘m penya asossiz deb topildi va iste’molchi mazkur mablag‘larni to‘lashdan to‘liq ozod qilindi.
Shuningdek, javobgar korxonadan davlat foydasiga 412 ming so‘m davlat boji ham undirilishi belgilandi.
Kommunal xizmatlar uchun haq to‘lash majburiy. Ammo xizmat belgilangan sifatda ko‘rsatilmagan bo‘lsa, iste’molchi o‘z huquqlarini himoya qilishga haqli.
Agar:
— issiqlik talab darajasida berilmasa;
— xizmat uchun asossiz qarzdorlik hisoblansa;
— murojaatlaringizga o‘z vaqtida munosabat bildirilmasa, bunday holatlarga befarq bo‘lmang. Qonun iste’molchining manfaatlarini himoya qiladi.
Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, huquqiy yordam va to‘g‘ri hujjatlashtirilgan dalillar orqali asossiz hisoblangan qarzdorliklarni bekor qilish va buzilgan huquqlarni tiklash mumkin.



Отправить комментарий