Kondisionerdagi nosozlik murojaatdan so‘ng bartaraf etildi

Kondisionerdagi nosozlik murojaatdan so‘ng bartaraf etildi

Yozning jazirama kunlarida kondisionerning nosoz holatga kelishi oddiy maishiy noqulaylik emas. Ayniqsa, uyda salqinlikka ehtiyoj yuqori bo‘lgan, oila a’zolaridan biri salomatligi bilan bog‘liq muammoga duch kelgan sharoitda bunday texnikaning o‘z vaqtida ta’mirlanmasligi iste’molchi uchun jiddiy muammoga aylanishi mumkin.

Quva tumanida yashovchi fuqaro U. B. ham aynan shunday holatga duch keldi. U Quva tumanida joylashgan savdo do‘konidan 2026 yil 25 iyul kuni 5 million 500 ming so‘mga AVALON rusumli kondisioner xarid qildi. Kondisioner iste’molchining xonadonga o‘rnatib berildi. Biroq oradan yetti kun o‘tib, texnika nosoz holatga kelib, sovutmay qo‘ydi.

Fuqaro dastlab sotuvchiga og‘zaki murojaat qildi. Shundan so‘ng tadbirkor tomonidan kondisionerni o‘rnatgan usta iste’molchining xonadonga yuborildi. O‘rganish jarayonida kondisionerdagi nosozlik haqiqatan ham mavjud ekani aniqlandi. Xususan, freonni ushlab turuvchi bolt yorilib, freon chiqib ketgani ma’lum bo‘ldi. Bu esa kondisionerning sovutmasligiga sabab bo‘lgan.

Biroq masala shu bilan yakunlanmadi. Iste’molchi nosozlikni bartaraf etishni so‘raganda, unga AVALON servis markaziga murojaat qilish tavsiya etildi. Fuqaro 10 avgust kuni servis markaziga ham murojaat qildi. Ammo oradan bir hafta o‘tsada, nosozlik bartaraf etilmadi. Iste’molchiga servis markazida murojaatlar ko‘pligi, navbati kelganda kelib ko‘rib berishlari ma’lum qilingan.

Bunday vaziyatda fuqaro o‘zining qonuniy manfaatlari buzilayotganini his qilib, huquqlarini tiklash va amaliy yordam olish maqsadida Quva tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma murojaat qildi.

Quva tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassisi tomonidan holatga oydinlik kiritish, muammoning sabablarini aniqlash va uni qonuniy asosda hal qilish choralari ko‘rildi. O‘rganish jarayonida yakka tartibdagi tadbirkorga amaldagi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi hamda «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlar talablari yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.

Ko‘rilgan choralar samarasiz bo‘lmadi. Murojaatni o‘rganish davomida tadbirkor tomonidan kondisionerni o‘rnatgan usta yana iste’molchining xonadonga yuborildi va aniqlangan nosozlik to‘liq bartaraf etildi. Kondisioner soz holatga keltirildi. Bu haqda iste’molchiga rasmiy javob xati ham yuborilib, murojaat o‘rganish jarayonida o‘z tasdig‘ini topgani va xonadondagi AVALON rusumli kondisioner to‘liq soz holatga keltirilgani ma’lum qilindi.

Bu holat yana bir muhim haqiqatni ko‘rsatadi: tovarni sotib olgandan keyin unda nuqson yoki nosozlik aniqlansa, iste’molchi muammo bilan yolg‘iz qolib ketmasligi kerak. Ko‘pchilik bunday paytda: «Endi servis markazi qachon chaqirsa, o‘shanda kutishdan boshqa iloj yo‘q», degan fikrga borishi mumkin. Ammo huquqiy masalada har bir vaziyatning o‘z yechimi bor. Eng muhimi — muammoni o‘z vaqtida bildirish, sotuvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchiga murojaat qilish va zarurat tug‘ilganda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish organlaridan amaliy yordam so‘rashdir.

Mazkur holatda ham iste’molchi bir necha marta muammoni hal qilishga harakat qildi. Natija bo‘lmagach, tegishli jamoat tashkilotiga murojaat qildi. Murojaat o‘rganilib, muammoning haqiqiy sababi aniqlandi va amaliy chora ko‘rilishi orqali kondisionerdagi nosozlik bartaraf etildi.

Maishiy texnika xarid qilganda quyidagi hujjatlarni saqlab qo‘yish juda muhim:

— xarid cheki yoki to‘lovni tasdiqlovchi hujjatni;
— kafolat talonini;
— tovarga oid texnik hujjatlarni;
— servis xizmatiga qilingan murojaatlar haqidagi ma’lumotlarni.

Bu hujjatlar keyinchalik nizoli holat yuzaga kelganda tovar qachon, qaerdan va qanday shartlarda xarid qilinganini aniqlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.

Huquqingizni biling, muammoni yashirmang va uni hal qilishning qonuniy yo‘llaridan foydalaning. Chunki har bir murojaat ortida insonning qonuniy manfaati turadi.

Отправить комментарий