Uy-joy olayapsizmi? Shartnomada «investor» bo‘lib qolib ketmang!

Uy-joy olayapsizmi? Shartnomada «investor» bo‘lib qolib ketmang!

Bugun uy-joy sotib olish ko‘pchilik uchun hayotdagi eng katta moliyaviy qarorlardan biri. Ko‘p yillik jamg‘arma, kredit yoki oila mablag‘i hisobidan xonadon xarid qilinayotganda inson, tabiiyki, quruvchining va’dalariga ishonadi: «uy falon sanada tayyor bo‘ladi», «barcha kommunikasiyalar ulangan», «kadastrni o‘zimiz rasmiylashtiramiz», «qo‘shimcha to‘lov bo‘lmaydi»…

Ammo muhim savol bor: bu va’dalar shartnomada ham yozilganmi?

Aynan shu nuqtada ko‘pchilik iste’molchilar e’tiborsizlik qilib qo‘yadi. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasiga uy-joy qurilishi, ulush kiritish, ta’mirlash va katta miqdorda oldindan to‘lov talab qilinadigan shartnomalar bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushayotgani ham bu masalaning dolzarbligini ko‘rsatadi. Ayrim holatlarda og‘zaki aytilgan va’dalar shartnomada boshqacha ifodalanishi yoki umuman aks etmasligi kuzatilmoqda.

Eng muhim savol: siz kimsiz — iste’molchimi yoki investor?

Tasavvur qiling: siz yangi qurilayotgan uydan kvartira olyapsiz. Maqsadingiz — unda o‘zingiz va oilangiz bilan yashash.

Biroq shartnoma matnida sizning maqomingiz «investor», «sarmoyador» yoki «investisiya kirituvchi» sifatida ko‘rsatilgan.

Bu oddiy so‘z emas.

«Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunning 1-moddasiga ko‘ra, foyda olish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda shaxsiy iste’mol yoki boshqa maqsadlarda tovar sotib oluvchi, ish yoki xizmatga buyurtma beruvchi jismoniy shaxs iste’molchi hisoblanadi.

Shuning uchun agar siz uy-joyni qayta sotish yoki daromad olish uchun emas, yashash uchun olayotgan bo‘lsangiz, shartnomadagi huquqiy maqomingizga jiddiy e’tibor bering.

Albatta, shartnoma nomi yoki undagi bitta so‘zning o‘zi shaxsni avtomatik ravishda iste’molchi huquqlaridan mahrum qilmaydi. Lekin «investor», «investisiya faoliyati», «foyda», «daromad», «investisiya tavakkali» kabi iboralar keyinchalik nizo kelib chiqqanda munosabatni boshqacha talqin qilishga urinish uchun asos sifatida ko‘rsatilishi mumkin.

Shuning uchun shartnomani imzolashdan oldin o‘zingizga bir savol bering: «Men bu yerda nima uchun pul to‘layapman — uyda yashash uchunmi yoki investisiya kiritib, foyda olish uchunmi?»

Javobingiz shartnomadagi mazmun bilan ham mos kelishi kerak.

Quruvchining va’dasi emas, shartnoma muhim

Uy-joy xarid qilish jarayonida ko‘pincha og‘zaki va’dalar juda ishonchli eshitiladi:

«Kalitni tez orada beramiz».

«Gaz, suv, elektr tayyor».

«Kadastrni o‘zimiz qilib beramiz».

«Bundan boshqa to‘lov bo‘lmaydi».

Ammo keyin nizo chiqsa, «menga shunday deyishgan edi» degan gapni isbotlash qiyin.

Qonunning 4-moddasi iste’molchiga tovar, ish yoki xizmat hamda sotuvchi yoki ijrochi haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish huquqini beradi. 6-modda esa ijrochidan zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumotni o‘z vaqtida berishni talab qiladi.

Shuning uchun muhim va’dalarni og‘zaki emas, yozma ravishda shartnomaga kiritishni talab qiling.

Shartnomani imzolashdan oldin 7 ta narsani tekshiring

Uy-joy yoki qurilish bilan bog‘liq shartnoma tuzishda quyidagi ma’lumotlarga alohida e’tibor bering:

1. Xonadonning aniq manzili va raqami.

2. Uy-joyning umumiy maydoni va holati.

3. Umumiy narx va to‘lov grafigi.

4. Ob’ektni topshirishning aniq sanasi.

5. Gaz, suv, elektr va boshqa kommunikasiyalar qay holatda topshirilishi.

6. Kadastr va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirish kimning zimmasida ekani.

7. Muddat buzilsa, ijrochining javobgarligi va pulni qaytarish shartlari.

Qonunning 8-moddasiga muvofiq, shartnomada uning predmeti, miqdori, narxi va boshqa muhim shartlari bo‘yicha kelishuv bo‘lishi kerak.

Shuning uchun «hozir imzo qo‘yavering, keyin to‘g‘rilaymiz» degan gapga ishonib, katta miqdorda mablag‘ to‘lashga shoshilmang.

«Muddatni keyin aniqlaymiz» — xavfli ibora

Qurilish sohasida yana bir muhim masala — muddat.

«Yil oxirigacha», «taxminan kuzda», «imkon qadar tezroq» kabi noaniq va’dalar keyinchalik jiddiy muammoga aylanishi mumkin.

Qonunning 19-moddasi ijrochi ishni shartnomada belgilangan muddat, hajm va sifatda bajarishi shartligini belgilaydi. Shuning uchun shartnomada aniq sana yoki hisoblash mumkin bo‘lgan muddat ko‘rsatilishi muhim.

Yana bir muhim jihat: iste’molchi huquqlarini cheklaydigan va qonunchilikka zid shartlar haqiqiy emas. Bu qonunning 21-moddasida belgilangan.

Demak, shartnomada «ijrochi hech qanday javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi» mazmunidagi bandlar bo‘lsa, ularni e’tiborsiz qoldirmang.

Noto‘g‘ri ma’lumot berilsa, iste’molchining huquqi bor

Agar sotuvchi yoki ijrochi tovar, ish yoki xizmat haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot bersa va bu iste’molchining zarur xususiyatlarga ega bo‘lmagan natijani olishiga sabab bo‘lsa, qonun iste’molchiga muayyan talablarni qo‘yish huquqini beradi.

Jumladan, qonunning 7-moddasida bunday holatlarda shartnomani bekor qilish va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish imkoniyati nazarda tutilgan.

Shuning uchun reklamada, bukletda, ijtimoiy tarmoqda yoki sotuvchi tomonidan aytilgan muhim ma’lumotlarni ham saqlab qo‘yish foydali.

Barcha dalillarni saqlang

Uy-joy xaridida «hujjatlarni keyin ko‘raman» degan yondashuv qimmatga tushishi mumkin.

Quyidagilarni albatta saqlab qo‘ying:

— shartnoma;
— to‘lov cheki va kvitansiyalar;
— bank orqali amalga oshirilgan to‘lov hujjatlari;
— reklama va bukletlar;
— quruvchi bilan messenjerlardagi yozishmalar;
— muhim va’dalar aks etgan elektron xabarlar;
— qonuniy olingan audio va boshqa dalillar.

Muammo yuzaga kelsa, talabingizni imkon qadar yozma shaklda bildiring. Qonun iste’molchiga buzilgan huquqlarini himoya qilish uchun vakolatli organlar va sudga murojaat qilish huquqini kafolatlaydi.

Eng asosiy qoida: avval o‘qing, keyin imzo qo‘ying

Uy-joy — oddiy xarid emas. Bu ko‘pincha insonning yillar davomida jamg‘argan mablag‘i, krediti va oilasining kelajagi bilan bog‘liq qaror.

Shuning uchun quruvchining chiroyli ofisi, zamonaviy reklama roligi yoki ishonchli va’dalariga emas, shartnomaning aniq va huquqiy jihatdan tushunarli mazmuniga ko‘proq e’tibor bering.

Ayniqsa, uy-joyni shaxsiy yashash maqsadida olayotgan bo‘lsangiz, shartnomada o‘zingizni asossiz ravishda «investor» yoki foyda oluvchi sarmoyador sifatida ifodalanib qolmaganingizni tekshiring.

Federatsiyaning tavsiyasi juda oddiy:

Avval o‘qing.
Tushuning.
Tekshiring.
Shundan keyingina imzo qo‘ying va pul to‘lang.

Agar shartnoma shartlari bo‘yicha shubhangiz bo‘lsa yoki iste’molchi sifatida huquqingiz buzilgan deb hisoblasangiz, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining 1091 ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin.

Katta mablag‘ sarflanadigan bitimda ishonch yaxshi. Ammo ishonch hujjat bilan mustahkamlansa — yanada yaxshi.

Отправить комментарий