Rishtondagi professional ta’lim muassasalarida yaratilgan sharoitlar o‘rganilmoqda

Rishtondagi professional ta’lim muassasalarida yaratilgan sharoitlar o‘rganilmoqda

Bugun O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyati hududiy birlashmasi Ishchi guruhi tomonidan Rishton tumanida joylashgan uchta professional ta’lim muassasasida o‘rganishlar o‘tkazildi.

Jumladan, Rishton tumani 1-sonli texnikumi, 2-sonli texnikumi hamda Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va ularning qonuniy manfaatlari ta’minlanganligiga e’tibor qaratildi.

Mazkur tadbir Federatsiyaning tegishli buyrug‘i hamda uslubiy qo‘llanma asosida tashkil etilgan bo‘lib, professional ta’lim muassasalaridagi mavjud shart-sharoitlarni jamoatchilik nuqtai nazaridan o‘rganishni maqsad qiladi.

O‘rganishlar davomida o‘quv xonalari, mavjud jihozlar, axborot-resurs imkoniyatlari, sanitariya-gigiena holati, yoritish va isitish tizimlari, shuningdek, o‘quvchilar uchun yaratilgan ijtimoiy-maishiy sharoitlar ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, ta’lim jarayoniga oid ma’lumotlarning ochiqligi, o‘quvchilarning taklif va murojaatlarini bildirish imkoniyatlari, ovqatlanish xizmatlari, mavjud qulayliklardan foydalanish holati hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zarur sharoitlar yaratilganligi kabi masalalar ham o‘rganish doirasiga kiritildi.

Ta’lim muassasalaridagi sharoitlarni baholash bilan bir qatorda, o‘quvchilarning fikr va takliflarini o‘rganishga ham ahamiyat berilmoqda. Chunki ta’lim oluvchilarning kundalik hayotida uchrayotgan masalalarni aniqlash va xizmatlar sifatini yaxshilashda ularning fikri muhim manba hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, mazkur tadbirlar ta’lim muassasalarining o‘quv jarayoniga aralashish yoki moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirishni emas, balki o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar va xizmatlar sifatini jamoatchilik nuqtai nazaridan o‘rganishni nazarda tutadi.

O‘rganishlar yakunida to‘plangan ma’lumotlarni umumlashtirish, mavjud holatlarni tahlil qilish hamda zarur hollarda xizmatlar sifatini yaxshilashga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Zero, professional ta’lim muassasalarida munosib sharoitlarni yaratish, o‘quvchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda ta’lim xizmatlari sifatini oshirish malakali mutaxassislar tayyorlashning muhim omillaridan biridir.

Отправить комментарий