Turistik xizmat ko‘rsatilmasa, to‘langan mablag‘ taqdiri nima bo‘ladi?
Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaro X.P. turistik safarni amalga oshirish maqsadida turistik kompaniyaga 600 AQSh dollari to‘lagan. Fuqaroga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yozma shartnoma rasmiylashtirilmagan, xizmatni bajarish va mablag‘ni qaytarish shartlari haqida esa iste’molchiga yetarlicha ma’lumot berilmagan. Oilaviy sharoit sababli safarga chiqa olmagan fuqaro to‘lagan pulini qaytarishni so‘ragan, ammo murojaatlari natija bermagan.
Shundan so‘ng u Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi. Holat joyiga chiqib o‘rganildi, turistik kompaniya rahbariyati bilan suhbat o‘tkazilib, iste’molchining huquqlari hamda xizmat ko‘rsatishda qonunchilik talablariga rioya etish zarurligi tushuntirildi.
Natijada tomonlar o‘zaro kelishuvga erishib, 600 AQSh dollari fuqaroga qaytarildi. Iste’molchi ko‘rsatilgan amaliy yordam uchun minnatdorlik bildirdi.
Ushbu holat turistik xizmatdan foydalanishda shartnoma tuzish, xizmatning shartlari, to‘lovni qaytarish tartibi va ehtimoliy ushlab qolishlar haqida oldindan to‘liq ma’lumot olish muhimligini ko‘rsatadi. To‘lovni tasdiqlovchi hujjatlarni saqlash ham iste’molchining huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega.
Esda tuting: xizmat ko‘rsatish shartlarini oldindan aniqlashtirish keyinchalik kelishmovchiliklarning oldini oladi.



Отправить комментарий