“Butunjahon isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish kuni” arafasida
#barqaror_istemolchi #рациональный_потребитель
Barchamizga maʼlumki, Birlashgan Millatlar tashkiloti tomonidan 15 mart “Butunjahon isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish kuni” deb eʼlon qilingan. Dunyoning boshqa mamlakatlarida bo`lgani kabi mamlakatimizda ham mazkur sana keng nishonlanib keladi. Har yili sohaga daxldor tashkilotlar tomonidan mazkur sana arafasida turli maʼnaviy-maʼrifiy va sport tadbirlarini o`tkazish anʼanaga aylangan. Hududiy birlashma tomonidan ham ushbu sana arafasida bir qator tadbirlarni o`tkazish rejalashtirilgan bo`lib, shulardan biri “Isteʼmolchilik ijtimoiy harakati: dunyo mamlakatlari va O`zbekiston tajribasi” mavzusidagi matbuot anjumani edi.
Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi amaliy yordami, Farg`ona viloyat va Ruxsor teleradiokompaniyalarining axborot ko`magida tashkillangan ushbu anjumanda, dastlab dunyoda isteʼmolchilik ijtimoiy harakatining vujudga kelishi, taraqqiy topishi va bugungi ahvoli, mamlakatimizda mazkur yo`nalishdagi qonunchilik bazasi va ijtimoiy harakatning vujudga kelishi, sohada amalga oshirilayotgan ishlar xususida maʼlumotlar berib o`tildi.
— Xalqaro isteʼmolchilar tashkiloti (Consumers International) tashabbusi bilan joriy yil 15 mart butun dunyo bo`ylab Barqaror isteʼmolchi (Рациональный потербитель) shiori ostida nishonlanmoqda. Xalqaro isteʼmolchilar tashkiloti barchadan joriy yilda asosiy eʼtiborni meʼyoridan ortiq ishlab chiqarish va noratsional isteʼmol natijasida iqlimdagi global o`zgarishlar, atrof-muhitga zarar yetkazilishi, noyob tabiiy obʼektlarning yo`qotilishiga olib kelayotganligi masalalariga qaratishni so`ramoqda, — dedi hududiy birlashma raisi Аxrorjon Raxmonaliev. – BMTning hisob-kitoblariga ko`ra uy xo`jaliklari dunyodagi energiya manbalarining 29 foizini isteʼmol qilib, mos ravishda ular tomonidan atrof-muhitga chiqarilayotgan SO2 (karbonat angidridi) ulushi umumiy hajmdan 21 foizni tashkil qilmoqda. Boshqa tadqiqotchilarga ko`ra, dunyo bo`yicha har minutda, amalda qayta ishlash bilan to`liq qamrab olinmagan, 1 million dona plastik idishlar sotilar ekan. Chiqindi tashlash joylari va atrof muhitga tashlanayotgan plastikning asosiy qismi esa oziq-ovqat sanoatiga taalluqlidir. Bu esa barchamizdan isteʼmolni barqarorlashtirish masalarida tizimli asosda ish borishni taqozo qilmoqda.
— Mamlakatimizning amaldagi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonuni 1996 yil 26 aprelda qabul qilingan bo`lib, bugungi kunga kelib, yuzaga kelgan shart-sharoit va shiddat bilan o`zgarib borayotgan zamon talablari mazkur qonunga tegishli o`zgartirish va qo`shimchalarni kiritish yoki qonunni yangi tahrirda qabul qilinishini taqozo qilmoqda. Аyniqsa, sohaga jamoatchilik nazoratini yanada kengroq joriy qilish, unda jamoatchilikni faol ishtirokini taʼminlash, qolaversa ilg`or davlatlar tajribasidan samarali foydalanish maqsadida qonunning yangi tahririda isteʼmolchilarning jamoat birlashmalari huquq va vakolatlari o`z aksini topmog`i kerak, — dedi hududiy birlashma raisi o`rinbosari G`ayrat Mamatqulov o`z chiqishida.
Matbuot anjumanida bosma va elektron ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan savollarga hududiy birlashma raisi А. Raxmonaliev hamda hududiy birlashma raisining yoshlar masalalari bo`yicha o`rinbosari G`. Mamatqulovlar javob qaytardilar.
Tadbir doirasida hududiy birlashma tizimida samarali mehnat faoliyati olib borayotgan xodimlarga hududiy birlashma tomonidan taʼsis etilgan pul mukofotlari sertifikatlari topshirildi.
Аnjuman yakunida OАV vakillarini isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish, ularning isteʼmolchilik bilim saviyasi va isteʼmol madaniyatini yanada oshirish borasidagi ishlarni aholining keng qatlamlariga yetib borishida yaqindan hamkorlik olib borishga chaqirilib, #barqaror_istemolchi va #рациональный_потребитель xeshtegi ostida materiallar (maqolalar, foto, video materiallar) berib borish hamda joriy yil yakuni bo`yicha bu borada eng faol va samarali natijalarga erishgan jurnalistlarni taqdirlash yuzasidan taklif kiritildi.
Hududiy birlashma Аxborot xizmati
Отправить комментарий