Iste’molchi huquqlarini sudgacha va sud jarayonlarida himoya qilish masalalari
Ahmad Farg‘oniy nomidagi viloyat Axborot-kutubxona markazida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi tizimidagi tuman va shahar jamiyatlarida huquqiy himoya yo‘nalishida mehnat faoliyati olib borayotgan mutaxassislar uchun o‘quv tashkillandi.
O‘quv tadbiri Fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi hamkorligida tashkillanib, iste’molchi huquqlarini sudgacha va sud jarayonlarida himoya qilishning o‘ziga xos tomonlari, ishni sudgacha hal qilish yo‘l-yo‘riqlari, sudga da’vo arizalari tayyorlash, kiritish va sud jarayonlarida ishtirok etish tartiblari va boshqa shu kabi masalalarni o‘z ichiga oldi.
O‘quv tadbirini kirish so‘zi bilan ochgan hududiy birlashma raisi Axrorjon Raxmonaliev mazkur tadbirni tashkillashdan ko‘zlangan maqsad xususida to‘xtalar ekan, hududiy birlashma ijro etuvchi apparati tomonidan xodimlarning huquqiy bilimi va kasbiy mahoratini oshirish borasida bu kabi tadbirlar tizimli asosda o‘tkazib kelinayotganligi, tadbirlarga o‘z sohasida muayyan yutuqlarga erishgan mutaxassislar taklif qilinib, ular tomonidan tizim xodimlariga amaliy va uslubiy ko‘rsatmalar berilayotganligi, master klasslar o‘tkazilayotganligi to‘g‘risida gapirib o‘tdi.
Shundan so‘ng Fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi sud’yasi Buzrukxon Abrorov va viloyat sudi mutaxassisi Jaxongir Xudoyberdievlar tadbir ishtirokchilariga yuqoridagi holatlar bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar, amaliy va uslubiy yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalar berib, tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga javoblar qaytardilar.
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi 221-I-sonli Qonuni 1996 yil 26 aprelda qabul qilingan bo‘lib, 30 ta moddadan iborat.
Qonunning 4-moddasida iste’molchilarning asosiy huquqlaridan biri sifatida, iste’molchilar buzilgan huquqlari yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlari himoya qilinishini so‘rab sudga, boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat etish huquqlari belgilab qo‘yilgan.
Qonunning 20 va 22-moddalarida tovar (ish, xizmat)ning nuqsonlari tufayli yetkazilgan zarar uchun mulkiy javobgarlik, ya’ni moddiy zararni qoplash hamda iste’molchining buzilishi tufayli unga yetkazilgan ma’naviy zararni qoplash tartiblari ko‘rsatib o‘tilgan. Agar iste’molchiga yetkazilgan moddiy zararni iste’molchining o‘z kuchi bilan, shuningdek iste’molchilar huquqlarini himoya qilish vakolati berilgan idoralari ko‘magida undirib olish mumkin bo‘lsa, ma’naviy zarar faqatgina sud tartibida undiriladi.
Qonunning 29-moddasiga ko‘ra:
Iste’molchining huquqlari buzilgan taqdirda, u sudga murojaat qilishga haqlidir. Da’volar, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, javobgar, iste’molchi joylashgan yerdagi yoki zarar yetkazilgan joydagi sudga taqdim etiladi.
Iste’molchilar o‘z huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq da’volar bo‘yicha, shuningdek, tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz bo‘lishi ularning sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat organlari, iste’molchilarning jamoat birlashmalari iste’molchining (iste’molchilar nomuayyan doirasining) manfaatlarini ko‘zlab qo‘zg‘atiladigan da’volar bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod qilinadilar.
Iste’molchining huquqlari buzilishi bilan da’volar asosan Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ko‘rib chiqiladi. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tizimidagi tashkilotlar tomonidan yuqoridagi inobatga olgan holda, joylardagi Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar bilan yaqindan hamkorlik olib borilmoqda.
Birgina joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida Federatsiya tizimidagi tashkilotlarga fuqarolardan tushgan 38 ta ariza va shikoyat asosida sud organlariga da’vo arizalari kiritilib, ijobiy hal etildi. Natijada 1 milliard 340 million 518 ming 303 so‘m moddiy va ma’naviy zarar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.
Hududiy birlashma Axborot xizmati
Отправить комментарий