Mijoz buyurtmani rad qildi
Yozyovon tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Beruniy» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi M. R. ning tumandagi «Joziba» xususiy chevarxonasi xizmatlaridan norozi bo‘lib qilgan murojaati o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, buyurtmani chevarxona rahbari S.K. tomonidan qabul qilib olinishi jarayonida oldindan 150 ming so‘m bo‘nak puli to‘lanishi va ko‘ylak shartlashilgan muddatda tayyorlab berilishiga kelishilgan. Biroq shartlashilgan muddatda ko‘ylak bitkazib berilmasdan, undan ikki kun o‘tibgina buyurtma tayyor bo‘lgan. Biroq iste’molchi kelib buyurtmani ko‘zdan kechirishi jarayonida uning buyurtma qilinganidan boshqa o‘lchamdaligi ma’lum bo‘lgan. Shu sababdan R.M. bunday mahsulotni qabul qila olmasligini, ko‘ylak materiali va to‘langan bo‘nak pulini qoplab berilishini talab qilgan. Zero, O‘zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun 19-moddasida iste’molchida shunday huquqlar mavjuddir. Ular kelisha olmagach, iste’molchi ushbu masalani qonuniy hal qilinishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
Tuman jamiyati xodimlari chevarxona rahbariga uchrashib, buyurtmani ko‘zdan kechirish asnosida unga iste’molchi va ijrochining huquq va majburiyatlari bo‘yicha tushuntirishlar berishlari o‘zining ijobiy natijasini berdi, shekilli, chevarxona iste’molchi R.M. uning harajatlarini to‘liq qoplab berdi.
Shavkatjon Saidov
Yozyovon tuman jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий