Bugun «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingan kun
«Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni 1996 yilning 26 aprelida qabul qilinib, shu yilning 17 mayidan kuchga kirgan. Qonun asosan 30 ta moddadan va keyingi yillarda kiritilgan 2 ta prim moddadan iborat.
Qonunning 1-moddasida Qonunda qo‘llanilgan tushunchalarga ta’riflar berilgan bo‘lsa, uning 2 va 3-moddalari qonunchilik hujjatlari mazkur Qonunda belgilangan iste’molchilarning huquqlarini cheklab qo‘yishi, ularni himoya qilishning kafolatlarini kamaytirishi mumkin emasligi hamda xalqaro shartnomalar va bitimlarga bag‘ishlangan.
4-moddada iste’molchilarning asosiy huquqlari bo‘yicha normalar beriladi.
5-7-moddalar esa iste’molchilarning ma’lumot olish huquqi bilan bog‘liq, 8-modda shartnomalar bo‘yicha normalarni o‘z ichiga olgan.
9-modda Hukumatning shartnomalarning ayrim turlari to‘g‘risidagi qoidalarni tasdiqlash bo‘yicha vakolatlarini belgilab bergan.
10-modda tovar (ish, xizmat)lar uchun haq to‘lash shakli va tartibi, 11-modda kafillik bo‘yicha majburiyatlarni, 12-modda tovar (ish, xizmat)ning xavfsizligi bo‘yicha normalarni ko‘zda tutadi.
Qonunning 13-moddasidan 17-moddasiga qadar nuqsonli tovar, u bilan bog‘liq muammolarni hal qilish, hisob-kitoblar kabi masalalarni o‘z ichiga oladi.
18-moddada biz uchun muhim normalardan biri hech qanday kamchilik va nuqsonlari bo‘lmagan maqbul sifatdagi tovarlarni almashtirib olish bo‘yicha huquqlarimizni amalga oshirish tartib qoidalari ko‘rsatib o‘tiladi.
Kattagina hajmga ega bo‘lgan 19-moddada ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma shartlari buzilgan taqdirda iste’molchining huquqlari bo‘yicha normalar belgilab qo‘yilgan.
20 va 22-moddalarda moddiy va ma’naviy zararlarni qoplanishi bo‘yicha tartib qoidalar ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lsa, 21-modda shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan va qonunchilikka zid bo‘lgan talablari haqiqiy emasligi, unga qonunda belgilangan imtiyoz va afzalliklarni kiritmaslik taqiqlanishi kabi masalalarda mas’ullarga aniq va tiniq yo‘l-yo‘riqlarni ko‘rsatib o‘tadi.
Iste’molchilar huquqlari davlat himoyasida, degan jumlani eshitganimizda ko‘z oldimizga 23-modda keladi, unda ushbu vakolatni esa davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sudlar, maxsus vakolat berilgan davlat idoralari amalga oshirishi ko‘rsatib o‘tiladi.
24-26-moddalarda qonun ijrosini ta’minlashda mahalliy hokimiyat idoralari va maxsus vakolat berilgan davlat idoralarining huquq va vakolatlari bilan tanishish mumkin.
27-moddada esa iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik bo‘yicha normalar, 28-moddada moliyaviy xizmatlar sohasida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, 29-moddada iste’molchilarning huquqlarini sud orqali himoya qilish bo‘yicha normalar belgilangan.
Shuningdek, keyingi yillarda qonun davlat boshqaruvi organining ko‘rsatmasi ustidan shikoyat qilish (27 prim 1-modda) va tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) axborot tizimlaridan foydalangan holda realizasiya qilishda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha (28 prim 1-modda) normalar bilan to‘ldirilgan.
30-modda iste’molchilarning jamoat birlashmalari va ularning huquqlariga oid normalarni belgilab bergan.
Mamlakatimizda ushbu Qonun qabul qilinishi ortidan vujudga kelgan iste’molchilik ijtimoiy harakati hamda uning timsolida, Qonunning 4 va 30-moddalarida belgilab berilgan huquq va imkoniyatlardan kelib chiqqan holda tashkil etilgan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududiy ijro etuvchi tashkilotlariga huquqiy maslahatlar olish uchun, shuningdek iste’molchilik huquqlaringiz buzilgan taqdirda o‘z ariza va shikoyatlaringiz bilan murojaat qilishingiz mumkin. Buning uchun O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining www.istemol.uz rasmiy saytida tashkil qilingan virtual qabulxonaga, Respublika bo‘yicha 1091 qisqa raqamli yagona ishonch telefoniga (haftaning dushanba-juma kunlari 9-00 dan 18-00 ga qadar), telegram messenjeridagi @PotrebitelUz_botga o‘z murojaatlaringizni qoldiring.
Hududiy birlashma Axborot xizmati
Отправить комментарий