Maqbul sifatdagi tovar almashtirildi
Beshariq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Federatsiya a’zosi M.T.ning buyum bozoridan xarid qilingan maqbul sifatdagi nooziq-ovqat tovarini almashtirib olishda yuzaga kelgan muammo yuzasidan murojaati o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi singlisining uzoq safardan qaytishiga sovg‘a qilish maqsadida Beshariq buyum bozoridan 350 ming so‘mga pidjak xarid qiladi. Lekin xarid amalga oshirilgan kundan 3-4 kun o‘tib safardan qaytgan singilga pidjakning o‘lchami biroz mos kelmaydi. Bundan xijolat tortgan iste’molchi pidjakni sotib olgan joydagi sotuvchidan o‘lchami to‘g‘ri keladiganiga almashtirib olishga harakat qiladi. Biroq sotuvchidan rad javobi oladi.
Amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 18-moddasiga ko‘ra, iste’molchi maqbul sifatdagi nooziq-ovqat tovarini xarid qilingan joydagi sotuvchidan 10 kun muddat ichida ayni shunday tovarga almashtirib olish huquqiga ega. Faqatgina ushbu tovar O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tasdiqlangan qoidalarga ko‘ra almashtirib berilmaydigan tovarlar sirasiga kirmasa bo‘ldi.
Murojaatni o‘rganish doirasida tomonlarga amaldagi qonunning yuqoridagi talablari, qonun talablarini bajarmaslik keltirib chiqaradigan huquqiy oqibatlar to‘g‘risida tushuntirishlar berildi. O‘rganish yakunlari bilan esa pidjak boshqa maqbul o‘lchamdagisiga almashtirib berildi.
Xamidjon Axmedov
Beshariq tuman jamiyati raisi
Отправить комментарий