Iste’molchiga rad javobi bergan sotuvchi masalaga jamiyat aralashuvidan so‘ng o‘z majburiyatini ado etishga majbur bo‘ldi
Quvasoy shahar Isfayramsoy MFY Mirishkor ko‘chasida yashovchi M. Yu. xarid qilingan yangi mobil qurilmada kafolat muddatida yuzaga kelgan nuqsonni sotuvchi tomonidan bartaraf etib berilmayotganligi holati yuzasidan shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra, u Redmi T9 rusumli mazkur qurilmani o‘z yashash hududidagi savdo do‘konidan shu yilning 4 avgust kuni 1 mln 500 ming so‘mga xarid qilgan. Qurilmadan foydalanishni boshlagach, uning ekran qismida nuqson mavjudligini aniqlagan. Sotuvchiga mazkur nuqsonni bartaraf etib berilishini so‘rab qilgan murojaatiga rad javobi olgan.
Amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 15 moddasiga ko‘ra, tovarda kafolat muddati ichida nuqsonlar aniqlansa, ushbu nuqsonlarni sotuvchi iste’molchi tegishli talabni qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida bepul bartaraf etishi lozim. Sotuvchi tomonidan qonunning mazkur normasi talabini bajarilmasligi oqibatida o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun tovar narxining bir foizi miqdorida iste’molchiga penya (neustoyka) to‘lashiga sabab bo‘ladi.
O‘rganish ishlari doirasida sotuvchiga uchrashilib, qonunning yuqoridagi talablari tushuntirildi. Bundun to‘g‘ri xulosa chiqargan sotuvchi mobil qurilmada aniqlangan nuqsonni tez muddatlarda bepul bartaraf etilishi chora-tadbirlarini ko‘rdi.
Farxodjon Xaydarov,
shahar jamiyati raisi.
Отправить комментарий