Iste’molchi sifatida sudga murojaat qilish tartiblari to‘g‘risida ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

Iste’molchi sifatida sudga murojaat qilish tartiblari to‘g‘risida ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi hamda viloyat hokimligi tomonidan tasdiqlangan media tadbirlar rejasiga asosan «Iste’molchilar huquqlarini sudgacha va sud tartibida himoya qilish asoslari» mavzusida ochiq muloqot o‘tkazdi. Tadbir Farg‘ona viloyat sudi bilan hamkorlikda tashkillanib, unda Farg‘ona davlat universiteti talaba va o‘qituvchilari, Federatsiya tizimi xodimlari, NNTlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasining 1996 yil 26 aprelda qabul qilingan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi 221-I-sonli Qonuni asosida iste’molchilarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, ularni sudgacha hal qilish masalalari, shuningdek iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishni ko‘zlab sudlarga da’vo arizalari kiritish va ularni sud idoralarida ko‘rib chiqish tartiblari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berib o‘tildi.

Muhokamalarda so‘z olgan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudi sud’yasi Dilrabo Ismatullayeva, «Madad» huquqiy maslahat byurosi Farg‘ona shahar bo‘limi bosh mutaxassisi Mahmudjon Jo‘raev, «O‘zbekinvest» eksport-import sug‘urta kompaniyasi Farg‘ona filiali Axborot xizmati rahbari Kamola Polvonovalar tomonidan barchaning iste’molchi ekanligi, shundan kelib chiqqan holda sohaga oid qonunchilikning jamiyat hayotida tutgan o‘rni va roli, o‘zlari mehnat faoliyati olib borayotgan tashkilotlarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar xususida o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdilar.

Ochiq muloqot doirasida ishtirokchilarning kun tartibidagi masala yuzasidan fikr-mulohaza hamda takliflari tinglanib, ularni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.

Hududiy birlashma Axborot xizmati

Отправить комментарий