Qo‘shnilarimdagi qarzdorlik sabab meni ham tarmoqdan uzib qo‘yishlari to‘g‘rimi?

Qo‘shnilarimdagi qarzdorlik sabab meni ham tarmoqdan uzib qo‘yishlari to‘g‘rimi?

Quvasoy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning Hamid Olimjon mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi M.Sh.ning ichimlik suvi to‘lovlaridan qarzdorligi bo‘lmasada, qo‘ni-qo‘shnilardagi qarzdorlik sababidan mahallani tarmoqdan vaqtincha uzib qo‘yilgani to‘g‘risida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.

Shahar jamiyati tomonidan ushbu masalaga aniqlik kiritish maqsadida «Farg‘ona suv ta’minoti» AJ Quvasoy shahar filialiga so‘rov xati kiritildi. Ichimlik suv ta’minoti korxonasidan olingan javob xatida ma’lum qilinishicha, murojaat egasida qarzdorlik bo‘lmasada, mahallaning Sarbozor ko‘chasida yashovchi xonadonlarda qarzdorlik oshib ketganligi sababli, mazkur qarzdorliklarni keskin kamaytirish va aholida to‘lov madaniyatini rivojlantirish maqsadida, mahalla yettiligi bilan kelishib, ichimlik suvi tarmoqdan vaqtincha uzilgan va to‘lovlar amalga oshirilgandan so‘ng tarmoqqa qayta ulab berilib, ichimlik suvi uzluksiz yetkazib berilmoqda.

Murojaatni o‘rganish davomida iste’molchi muammosi bartaraf etilgan bo‘lsada, kelgusida ushbu yo‘nalishda tushunmovchiliklar kelib chiqishini oldini olish maqsadida ichimlik suvi ta’minoti korxonasiga quyidagilarni eslatib o‘tishni joiz deb bilamiz.

Birinchidan, ichimlik suvi ta’minoti korxonasi yetkazib berish shartnomasini mahalla (yoki mahalla yettiligi) bilan emas, balki yakka tartibda, to‘g‘ridan to‘g‘ri shu mahallada istiqomat qiluvchi iste’molchi bilan imzolagan. «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 8-moddasiga muvofiq, shartnomaga ko‘ra ijrochi iste’molchiga muayyan miqdordagi va maqbul sifatli tovarni mulk qilib topshirish (ish bajarish, xizmat ko‘rsatish) majburiyatini, iste’molchi esa, shartlashilgan pulni to‘lash majburiyatini o‘z zimmalariga oladilar. Yuqorida yuzaga kelgan holatda, iste’molchi M.Sh.da qarzdorlik mavjud emas va bu uning shartnomaga ko‘ra o‘z zimmasiga olgan majburiyatini bajarayotganligini, shartnomaning ikkinchi tomoni (ichimlik suv ta’minoti korxonasi) esa muayyan vaqt bo‘lsada o‘z zimmasiga olgan majburiyatni bajarmaganligini ko‘rsatadi.

Ikkinchidan, qonunning 19-moddasiga ko‘ra, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart. Bu esa, ijrochiga turli fors major holatlari (turli avariyalar, tabiiy ofatlar va b.), shuningdek tarmoqda rejali asosda amalga oshiriladigan ishlar (ta’mirlash va b.)dan tashqari holatlarda shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda xizmat ko‘rsatilishi (ishlar bajarilishi)ni shart qilib qo‘yadi. Qonuning mazkur moddasi talablarini bajarilmasligi esa, iste’molchida ijrochi tomonidan neustoyka (penya) undirib olish huquqini ham vujudga keltiradi.

Qonunning 23-moddasiga ko‘ra, iste’molchilar huquqlari davlat tomonidan himoya qilinishi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan shartnomaviy munosabatlarda iste’molchi qonunchilikda nazarda tutilgan o‘z talablari qanoatlantirilishi uchun ustuvor huquqqa ega.

Farxodjon Xaydarov,
shahar jamiyati raisi.

Отправить комментарий