Kafolat muddati mobaynida tovarning normal ishlashi ta’minlab berilishi shart
Marg‘ilon shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning Teraktagi ko‘chasida istiqomat qiluvchi M.I. ning 900 000 so‘mga kafolat muddati bilan xarid qilingan avtomobil ehtiyot qismining nuqsonli chiqqanligi va uni almashtirishda amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchi murojaatida shaharning A.Navoiy ko‘chasida joylashgan avtomobil ehtiyot qismlari bilan savdo qiluvchi do‘kondan o‘zining Kobalt rusumli shaxsiy avtomobili uchun akkumulyator ehtiyot qismini bir yillik kafolat muddati bilan sotib olganligini, lekin sotib olinganidan 7 oy o‘tib akkumulyator yaroqsiz holga kelganligi, sotuvchiga bu borada murojaat qilganida akkumulyator boshqasiga almashtirib berilgani, lekin oradan bir oy o‘tmasdan ushbu ehtiyot qismida ham nosozlik yuzaga kelgani, sotuvchiga bu safargi murojaati esa amaliy natija bermayotganligini bayon qiladi.
Amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka ko‘ra, uzoq muddat foydalaniladigan barcha turdagi tovarlar va xizmatlarga ishlab chiqaruvchi (ijrochi) kafolat muddati belgilashi lozim. Ishlab chiqaruvchi (ijrochi) kafolat muddati mobaynida tovar (xizmat)ning, shu jumladan, butlovchi buyumlarning normal ishlashini (qo‘llanilishini, ulardan foydalanilishini) ta’minlashi shart.
Qonunchilikning ushbu normalari talablaridan kelib chiqqan holda, sotuvchiga iste’molchiga sotilgan tovarda kafolat muddati ichida nuqson aniqlangan va iste’molchi tegishli talablari bilan unga murojaat qilgan taqdirda, uning tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan tushuntirishlar va qonun normalari targ‘iboti olib borildi. Natijada iste’molchi tomonidan nuqsonli ekanligi da’vo qilingan akkumulyator boshqa maqbul sifatdagisiga almashtirib berilib, iste’molchi huquqi tiklanishiga erishildi.
Saidxon Xapizov,
jamiyat mutaxassisi.
(foto sun’iy intellekt yordamida tayyorlandi)
Отправить комментарий