Media va moliyaviy savodxonlik targ‘iboti olib borilmoqda
Bugungi kunda internet texnologiyalari hayotimizning barcha jabhalariga chuqur kirib bormoqda. Bu esa har birimizdan undan to‘g‘ri va samarali foydalana olish ko‘nikmalarini talab qiladi. Shu nuqtai nazardan Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan Federatsiya boshlang‘ich tashkilot (tayanch guruh)lari tashkillangan muassasalalarda internet makonida iste’molchi huquqlari bilan bog‘liq masalalarda ham turli targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib borilmoqda.
Shaharning 33-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachilari ishtirokida tashkillangan “Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining iste’molchilik huquqlari” mavzusidagi tadbirda so‘z asosan ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan turli xabarlar va reklama materiallari, feyklar, internetdagi firibgarlik, mediasavodxon bo‘lish, onlayn platformalar orqali savdo amaliyotlarini hamda turli mobil ilovalar orqali to‘lovlarni amalga oshirishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar, mazkur yo‘nalishda iste’molchi sifatidagi huquqlari buzilgan holatlarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan sa’y-harakatlar kabi masalalar ustida bordi.
Tadbir doirasida yuqoridagi yo‘nalishda iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlar, ularni o‘rganib chiqilishi va hal qilinishi natijalari yuzasidan misollar tarzida axborotlar berib o‘tilib, ta’lim muassasasi xodimlarining savollariga javoblar qaytarildi.
Saidxon Xapizov,
jamiyat mutaxassisi.
Отправить комментарий