Nuqsonli chiqqan elektromotoroller almashtirildi
Dang‘ara tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Namangan viloyatining Pop tumanida istiqomat qiluvchi Sh.O‘.ning iste’mol krediti shartlarida 19 126 000 so‘mga xarid qilingan yangi elektromotorollerning nuqsonli chiqqanligi va uni maqbul sifatdagisiga almashtirilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra u motorollerni tumanning «Istiqlol» mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat olib boruvchi «Hamkor» kredit tashkiloti bilan tovarning shartnoma qiymatini 3 oy muddatda bo‘lib to‘lash shartlarida imzolangan shartnoma asosida xarid qilgan. Texnikadan foydalanishining 10-kunida motorollerda nosozlik kuzatilgan. Bu borada sotuvchi tomoniga murojaat qilib biror natija chiqara olmagach, qonuniy huquqlarini ro‘yobga chiqarishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab Federatsiya ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Murojaat tuman jamiyati mutaxassislari hamda sotuvchi tomoni mas’ullar hamkorligida o‘rganib chiqilganida iste’molchi murojaatida keltirilgan vajlarning asosli ekanligi tasdig‘ini topgach, elektromotoroller maqbul sifatda bo‘lgan, xuddi shu rusumdagi yangi elektromotorollerga almashtirib berildi.
Raufjon Tuychiyev,
jamiyat mutaxassisi.
(foto sun’iy intellekt yordamida tayyorlandi)
Отправить комментарий