Kelishuv jarayonida iste’molchi tanlagan materialdan foydalanmaslik buyurtmani usta tomonidan boshqatdan bajarilishiga sabab bo‘ldi

Kelishuv jarayonida iste’molchi tanlagan materialdan foydalanmaslik buyurtmani usta tomonidan boshqatdan bajarilishiga sabab bo‘ldi

Yozyovon tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Xonobod» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi O.O.ning ijrochi (usta) tomonidan temir materialdan so‘ri yasab berish uchun berilgan buyurtmani lozim darajada bajarilmagani holati yuzasidan qilgan murojaati o‘rganildi.

Ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi O.O. temirchilik ustaxonasi ustasi M.J.ga temirdan so‘ri yasab berishi uchun buyurtma berib, 1 700 000 so‘m pulni ham odindan to‘lagan. Lekin buyurtma tayyor bo‘lgach kelib ko‘rganida temir materialining o‘zi tanlagan qalinlikdagi emas, balki yupqarog‘idan ishlatilganini ko‘rgan. Muammoni usta bilan hal qila olmaganidan so‘ng Federatsiyaning Yozyovon tuman jamiyatiga amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab murojaat qilgan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, agar ijrochi shartnoma shartlarini ish (xizmat)ni yomonlashtirgan darajada jiddiy buzgan bo‘lsa, yoxud ishda (xizmatda) boshqa jiddiy nuqsonlarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, iste’molchi o‘z xohishiga ko‘ra nuqsonlar bepul bartaraf etilishini, bajarilgan ish (ko‘rsatilgan xizmat) bahosi nuqsonlarga mutanosib ravishda kamaytirilishini, xuddi shunday sifatli shu xildagi materialdan boshqa buyum bepul tayyorlab berilishini yoxud ishning takroran bajarilishini yoinki shartnoma bekor qilinib, ko‘rilgan zarar to‘liq qoplanishini talab qilishga haqli.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, ijrochi (usta)ga so‘rini buyurtmani qabul qilib olish jarayonida iste’molchi tomonidan tanlangan hamda kelishilgan materialdan tayyorlab berish qonunchilikda belgilangan va bajarilishi lozim bo‘lgan talab ekanligi, aks holda bu huquqiy sanksiyalarga ham olib kelishi mumkinligi tushuntirildi. Tushuntirishlardan to‘g‘ri xulosa chiqargan ijrochi so‘rini iste’molchi tanlagan sifatdagi materialdan tayyorlab berib, yuzaga kelgan muammoni bartaraf qildi.

Shavkatjon Saidov,
jamiyat mutaxassisi.

(illyustrativ foto)

Отправить комментарий