Yoshlarning huquqiy bilimi va raqamli xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot
«Yoshlar kuni» tadbirlari doirasida Farg‘ona shahrida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi – KOICA bilan sheriklikda tashkil etilgan kasb-hunarga o‘qitish markazida Raqobat qo‘mitasining Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasi hamda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasining Farg‘ona viloyat hududiy birlashmalari hamkorligida mazkur bilim yurtida ta’lim olayotgan yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Yoshlarga iqtisodiyotning muhim sohalari, jumladan, elektronika, axborot texnologiyalari, avtomobilsozlik, tikuvchilik va kosmetologiya yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim berayotgan ushbu o‘quv yurtida o‘tkazilgan tadbir davomida ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasining «Raqobat to‘g‘rida»gi, «Reklama to‘g‘risida»gi, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunchiligi asoslari, shuningdek bugungi internet texnologiyalari keng rivojlangan davrda iste’molchi sifatida internetdan xavfsiz foydalanish, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlardan ogoh bo‘lish, bu borada huquqlari buzilgan taqdirda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan sa’y-harakatlar va murojaat qilinadigan idoralar kabi masalalarda tushunchalar berib o‘tilib, ishlarning bu boradagi fikr va mulohazalari tinglandi.
Tadbir davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, iste’molchilik munosabatlari, internet tarmog‘idagi firibgarlik holatlari, reklama madaniyati hamda raqobat muhitini shakllantirishga oid muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bugungi kunda har bir fuqaroning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, internetdan xavfsiz foydalanish madaniyatini oshirish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar bunday amaliy va ochiq muloqotlar yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularda faol fuqarolik pozisiyasini shakllantirish hamda kelgusida turli huquqbuzarlik va kiberhavflardan himoyalanishda muhim o‘rin tutishini qayd etdilar.



Отправить комментарий