Asossiz qarzdorlik sud orqali bekor qilindi
Marg‘ilon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Ch.E.ga issiqlik ta’minoti xizmati bo‘yicha asossiz ravishda qarzdorlik hisoblangani yuzasidan sud tomonidan adolatli qaror qabul qilindi. Mazkur ishda Marg‘ilon shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan iste’molchi manfaati himoya qilinib, sudga da’vo arizasi kiritilgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro yashab kelayotgan xonadonda 2023 yildan buyon isitish radiatorlari o‘rnatilmagan bo‘lib, xonadondan faqat tik quvur o‘tgan. Shunga qaramasdan, issiqlik ta’minoti korxonasi tomonidan xonadonga 1 million 457 ming 336 so‘m qarzdorlik hamda penya hisoblangan. Iste’molchi mazkur hisob-kitoblardan norozi bo‘lib, o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida jamoat tashkilotiga murojaat qilgan.
Sud jarayonida da’vogar vakili tomonidan xonadonda amalda isitish xizmati mavjud emasligi, radiatorlar o‘rnatilmagani va issiqlik energiyasidan foydalanish imkoniyati bo‘lmagani ta’kidlandi. Shuningdek, ish materiallariga issiqlik ta’minoti korxonasi vakili tomonidan tuzilgan dalolatnoma ham ilova qilinib, unda xonadonda radiatorlar yo‘qligi qayd etilgan.
Sud ish hujjatlarini har tomonlama o‘rganib, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi hamda kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalari talablaridan kelib chiqqan holda, iste’molchiga nisbatan hisoblangan qarzdorlikni asossiz deb topdi. Natijada fuqaro Ch. E. 1 million 457 ming 336 so‘m qarzdorlik hamda 256 ming 34 so‘m penya to‘lovidan ozod qilindi.
Mazkur holat iste’molchilar kommunal xizmatlar bo‘yicha hisob-kitoblarga befarq bo‘lmasligi, asossiz qarzdorlik yuzaga kelganda esa o‘z huquqlarini qonuniy tartibda himoya qilishi muhimligini yana bir bor ko‘rsatadi. Shu bilan birga, jamoat tashkilotlari tomonidan iste’molchilarga amaliy huquqiy yordam ko‘rsatilayotgani aholi manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Saidxon Xapizov,
jamiyat mutaxassisi.



Отправить комментарий