Markazlashgan issiqlik tarmog‘iga ulanmagan xonadonga 745 ming so‘m qarz qaerdan paydo bo‘ldi?
Kommunal to‘lovlardagi qarzdorlikning har bir so‘mi asosli bo‘lishi kerak. Aks holda, iste’molchida tabiiy savol tug‘iladi: foydalanilmagan xizmat uchun nima sababdan to‘lov hisoblanmoqda?
Farg‘ona tumanida yashovchi fuqaro Sh. A. ham shunday masala yuzasidan tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi. Uning murojaatida xonadonga issiqlik ta’minotidan 745 000 so‘m qarzdorlik hisoblanganidan noroziligi bildirilgan.
Murojaat asosida mas’ul xodimlar ishtirokida xonadon holati o‘rganildi. Shu yil 8 sentyabr kuni tuzilgan dalolatnomada xonadonning markaziy issiqlik tarmog‘iga ulanmagani qayd etildi.
O‘rganish natijalari Farg‘ona viloyati “Issiqlikta’minoti” MChJga ma’lum qilinib, mavjud holat asosida iste’molchi hisobidagi qarzdorlik masalasini tegishli tartibda ko‘rib chiqish choralari belgilandi. Fuqaroga esa kelgusi 2026–2027 yillar kuz-qish mavsumi uchun issiqlik ta’minoti bo‘yicha shartnoma masalasini qonunchilik talablari asosida hal etish tavsiya qilindi.
Bu holat iste’molchilarga muhim eslatma: kommunal xizmatlar bo‘yicha hisoblangan to‘lovlar tushunarsiz bo‘lsa, uni shunchaki qarz sifatida qabul qilib qo‘ymasdan, hisob-kitobning asosini so‘rash va zarur hollarda holatni dalolatnoma bilan rasmiylashtirish kerak.
Chunki har bir iste’molchining huquqi bor — ko‘rsatilayotgan xizmat va uning uchun hisoblanayotgan to‘lov o‘rtasida aniqlik bo‘lishi shart. Bu murojaat ham muammoning hujjatlar asosida o‘rganilishi muhimligini yana bir bor ko‘rsatdi.



Отправить комментарий