Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida jamoatchilik monitoringlari o‘tkazilmoqda
Bugun O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyati hududiy birlashmasi Ishchi guruhi tomonidan Farg‘ona shahridagi oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida jamoatchilik monitoringi — kuzatuv va o‘rganish ishlari olib borildi. Jumladan, Ishchi guruhi Farg‘ona davlat texnika universiteti hamda mazkur universitet qoshidagi akademik liseyda bo‘lib, o‘rganish ishlarini olib bordi.
O‘rganishlarning asosiy maqsadi — ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar va o‘quvchilarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari ta’minlanganlik darajasini o‘rganish, ularga ko‘rsatilayotgan ta’lim, ijtimoiy-maishiy va madaniy xizmatlar sifatini baholash, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Ishchi guruh tomonidan ta’lim muassasalaridagi axborot stendlari va rasmiy ma’lumotlarning ochiqligi, o‘quv xonalari va laboratoriyalarning holati, kutubxona hamda elektron resurslardan foydalanish imkoniyatlari, sanitariya-gigiena sharoitlari, ovqatlanish xizmatlari sifati va narxlari, shuningdek, talabalar va o‘quvchilarning murojaatlari bilan ishlash tizimi kabi yo‘nalishlarga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ta’lim muassasalarida nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun yaratilgan qulayliklar, tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlari va zarur axborotlarni olish sharoitlarini o‘rganish ham monitoringning muhim vazifalari sirasiga kiradi.
O‘rganishlar davomida talabalar va o‘quvchilarning fikr-mulohazalarini xolisona o‘rganish maqsadida anonim ijtimoiy so‘rovnomalardan foydalanish ham nazarda tutilgan. Aniqlangan holatlar tegishli savolnomalar va dalillar asosida qayd etilib, har bir ta’lim muassasasi kesimida umumlashtiriladi.
Ta’kidlash joizki, mazkur tadbirlar nazorat-tekshiruv emas, balki jamoatchilik monitoringi hisoblanadi. Uning davomida ta’lim muassasalarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashmaslik, o‘quv jarayoniga xalaqit bermaslik hamda faqat xizmatlar sifati, yaratilgan shart-sharoitlar va iste’molchilar huquqlarining ta’minlanganlik darajasiga e’tibor qaratish belgilangan.
Monitoring natijalari asosida mavjud muammolar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli vakolatli tashkilotlarga amaliy takliflar kiritish rejalashtirilgan.
Mazkur tashabbus ta’lim muassasalarida xizmatlar sifatini oshirish, talabalar va o‘quvchilarning huquqiy xabardorligini mustahkamlash hamda ta’lim olish uchun munosib shart-sharoitlarni ta’minlashga xizmat qiladi.



Отправить комментарий