Iste’molchining noto`g`ri ma’lumot ortidan sotib olingan tovardan zarar ko`rishining oldi olindi

Iste’molchining noto`g`ri ma’lumot ortidan sotib olingan tovardan zarar ko`rishining oldi olindi

Amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda sotuvchi iste’molchiga o‘zi realizasiya qilayotgan tovar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shartligi belgilab qo‘yilgan. Agar iste’molchiga tovar haqida, u bajaradigan vazifalar va uning imkoniyatlari to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumot berilsachi?

Bu holda, qonunning 7-moddasida ko‘rsatib o‘tilganidek, iste’molchi shartnomani bekor qilishga va o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli bo‘ladi. Marg‘ilonning Yangi Farg‘ona ko‘chasida yashovchi fuqaro G. Vorob’yova bilan xuddi shunday holat ro‘y bergan.

U Farg‘ona shahrida joylashgan “Hotman” maishiy buyumlar savdo do‘konidan Goodwell 600 sis markali kir yuvish mashinasini 2 800 000 (ikki million sakkiz yuz ming) so‘mga sotib olayotgan paytda sotuvchi tovarning maqtovini biroz oshirib yuborgan ko‘rinadi. Sababi uyga olib kelib ishga solingan “dastyor” sotuvchi tomonidan maqtovi keltirilgan ayrim yumushlarni bajara olmasligi ma’lum bo‘lib qoladi. Iste’molchining o‘z e’tirozlarini sotuvchiga bildirib, qonuniy talablarini qo‘yishi esa natija bermagach, ushbu masalada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab Federatsiya xodimlariga murojaat qiladi.

Iste’molchi murojaati Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqilib, uning qonuniy talablari qondirilishiga erishildi. Natijada iste’molchiga noto‘g‘ri va yetarli darajada to‘liq ma’lumot berilmasligi ortidan tovar sotib olinishiga sabab bo‘lgan holatning bartaraf qilinishiga va tovar uchun to‘langan pulning iste’molchiga qaytarilishiga erishildi.

Shermurod Oxunov
Farg‘ona shahar IHHQJ mutaxassisi

Отправить комментарий