Qonun talabi ustivordir
Bag‘dod tumani Mirzabod qishlog‘ida yashovchi fuqaro T.Boyyigitov yanvar oyi oxirlarida tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma murojaat bilan kelgandi. Murojaatda bildirilishicha, u Begobod qishlog‘ida joylashgan “Begobod qurilish mollari” savdo markazidan umumiy qiymati 154000 (bir yuzi ellik to‘rt ming) so‘m bo‘lgan yoritgich lampasi sotib olgan. Xonadonga ustalar ko‘magida o‘rnatilgan lampaning esa ayrim chiroqchalari yonmagan. Iste’molchining savdo do‘koni sotuvchisiga nuqsonli tovarni almashtirib berish to‘g‘risidagi talabi esa rad qilingan.
Bu yerda eslatma o‘rnida shuni aytib o‘tish kerakki, amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga ko‘ra, iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda u o‘z xohishiga qarab nuqsonli tovarni almashtirish, tovar nuqsonlarini bepul bartaraf etish, shartnomani bekor qilib ko‘rilgan zararni qoplash (pulini qaytarib olish) va boshqa shu kabi talablarini qo‘ya oladi. Lekin bunda birinchi navbatda sotuvchi va iste’molchi o‘rtasida oldi-sotdi shartnomasini tuzish paytidagi kelishuv shartlariga qaraladi. Ya’ni shartnoma tuzish paytida, agar sotilgan tovarda nuqson chiqsa almashtirilishi aytilgan bo‘lsa, tovar hech qanady e’tirozlarsiz sotuvchi tomonidan almashtirib berilishi va boshqa shu kabi harakatlar amalga oshirilishi lozim. Yoki sotilgan tovarni ishlab chiqaruvchi kompaniyasiga qarashli bo‘lgan servis markazida nuqsonlarini bartaraf etilishi bo‘yicha ogohlantirishlar va servis kompaniyasining joylashgan manzili va bog‘lanish ma’lumotlari to‘g‘risidagi axborotlar berilib, iste’molchi shu shartlarda tovarni sotib olishga rozilik bildirgan bo‘lsa, unda nuqson chiqqan holda iste’molchi o‘z e’tirozlari bilan servis kompaniyasiga murojaat qilishi kerak bo‘ladi. Lekin ko‘p hollarda sotuvchilar nuqson chiqsa almashtirib beraveramiz, degan va’da bilan tovarni sotib yuboradilarda, keyinchalik nuqsonlar bo‘yicha e’tiroz bilan kelgan iste’molchilarga bunga servis kompaniyasi javob beradi, deb turib oladilar. Bag‘dod tumanidagi holatda ham iste’molchi va sotuvchi o‘rtasida xuddi shunday tushunmovchilik kelib chiqqan.
Murojaatni o‘rganish davomida sotuvchiga ushbu holatda iste’molchining qonuniy talabini bajarmaslik keltirib chiqaradigan huquqiy oqibatlar to‘g‘risida tushuntirishlar berilgach, u tovar uchun to‘langan pulni qaytarishni lozim topdi.
Dilorom Mirzaeva
Bag‘dod tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий