Majburiyat bajarilmagach, pul qaytarib olib berildi

Majburiyat bajarilmagach, pul qaytarib olib berildi

Quva tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tumanning Tinchlik mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi X.Abdullaevning murojaati o‘rganildi.

Murojaatdan ma’lum bo‘lishicha, u tuman markazidagi “Na’matak” xususiy dorixonasiga unga shifokor tomonidan yozib berilgan ikkita dori vositasini xarid qilish uchun kirgan. Dorixona sotuvchisi reseptdagi dorilarning bittasi sotuvda mavjudligini, ikkinchisini esa agar puli berib ketilsa ular tomonidan ta’minotchiga buyurtma berilib, olib kelib berilishini aytgan. Iste’molchi dorixona sotuvchisiga sotuvda mavjud dori uchun 42000 so‘m, olib kelib beriladigan dori uchun esa 58000 so‘m, jami 100000 so‘m pul to‘lagan. Lekin ikkinchi dori vositasini iste’molchi qo‘liga yetkazib berilishi ishlari cho‘zilib ketgan. Sotuvchi buni ta’minotchi tomonidan yetkazib kelinmaganligi bilan izohlagan. Shu tarzda oradan bir necha kun o‘tib ketgan.

Shu o‘rinda yuzaga kelgan holatni amaldagi qonunchilik talablari bilan izob o‘taylik.
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasiga ko‘ra, iste’molchi va sotuvchi o‘rtasidagi shartnomaga ko‘ra sotuvchi iste’molchiga muayyan miqdordagi va maqbul sifatli tovarni mulk qilib topshirish majburiyatini, iste’molchi esa, shartlashilgan pulni to‘lash majburiyatini o‘z zimmalariga oladilar. Iste’molchi X.Abdullaev qo‘liga muayyan miqdordagi tovarning bir qismi, ya’ni bittasi topshirilgan ikkinchisi esa kelishilgan vaqt ichida topib yetkazib berilishiga kelishilgan.

Fuqarolik kodeksining 387-moddasiga ko‘ra, shartnoma shartnomani tuzish paytida sotuvchida mavjud bo‘lgan tovarni, shuningdek kelajakda sotuvchi yaratadigan yoki oladigan tovarni olish-sotish haqida tuzilishi mumkin. Bundan sotuvchi keyinchalik oladigan tovarini sotish haqida iste’molchidan pul olishi qonunbuzilishi holati emasligi ayon bo‘ladi.

Endi dorixona xodimi tomonidan tovarning ikkinchi qismini iste’molchi qo‘liga topshirish muddati haqida. Mazkur kodeksning 242-moddasiga asosan majburiyatni darhol bajarish vazifasi qonun, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, qarzdor bunday majburiyatni kreditor talab qilgan kundan boshlab yetti kunlik muddat ichida bajarishi shart.

Iste’molchi X.Abdullaevning murojaatidan ma’lum bo‘lishicha, u Federatsiya ishonch telefoniga murojaat qilgan kuniga qadar, ya’ni 28 yanvar’ kuniga qadar uning talabi bajarilmagan. Majburiyat esa, Kodeksning 242-moddasi talablaridan kelib chiqilsa, 20 yanvar’ kuniga qadar bajarilishi shart edi.
Murojaatni o‘rganish davomida sotuvchiga qonunning yuqoridagi talablari bo‘yicha tushuntirshlar berilib, iste’molchining 58000 so‘m mablag‘ini qaytarilishiga erishildi.

Feruzaxon Umurzaqova
Quva tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi

Отправить комментарий