Qarzdorlikka aniqlik kiritib berildi
Toshloq tumani «Naymanbo‘ston» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi R. N. ichimlik suvini yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxona uning xonadonida ichimlik suvi to‘lovlari bo‘yicha 3 172 000 so‘m miqdorida qarzdorlik yuzaga kelganligi haqida ogohlantirib, qarzdorlikni bartaraf qilish talabini qo‘ygach, tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ushbu qarzdorlikka aniqlik kiritilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab murojaat qilgan.
Murojaat asosida o‘tkazilgan o‘rganishda xonadonga shu yilning aprel oyida hisoblagich o‘rnatilganligi, uni o‘rnatilishi jarayonida ichimlik suvi uchun 103000 so‘m oldindan to‘lov amalga oshirilganligi, hisoblagichning o‘rganish kunidagi ko‘rsatkichi 00056 metr kubni tashkil qilayotgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkichlar bo‘yicha olinganda fuqaroda qarzdorlik mavjud emasligi ma’lum bo‘lib, shu asoslarda “Farg‘ona suv ta’minoti” MChJ Toshloq tuman filialiga so‘rov xati kiritildi.
Korxonadan olingan 353-sonli javob xatida ma’lum qilinishicha, olib borilgan qayta hisob-kitob ishlarida ma’lum bo‘lishicha, fuqaroga haqiqatan ham 3 172 000 so‘m asossiz qarzdorlik hisoblanishi holatiga yo‘l qo‘yilganligi, lekin fuqaroda xonadoniga tarmoq tortilib, hisoblagich o‘rnatilgan vaqtga qadar suvni ko‘cha kolonkasidan tashib iste’mol qilingan davrdagi to‘lovlardan 950 000 so‘m qarzdorlik mavjudligi bildirildi. Fuqaroga bu haqda ma’lum qilingach, u yuzaga kelgan real qarzdorlikni bartaraf etishini bildirib, tuman jamiyati xodimlariga o‘z minnatdorchiligini izxor qildi.
Shohistaxon Rahimova,
tuman jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий