Huquqlaringizni bilasizmi?

«Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʼgʼrisida»gi qonun (quyida «qonun» deb yuritiladi) boʼyicha zaruriy bilimlarni egallaymiz.

Isteʼmolchi kim?

Isteʼmolchi — foyda chiqarib olish bilan bogʼliq boʼlmagan holda shaxsiy isteʼmol yoki boshqa maqsadlarda tovar sotib oluvchi, ish, xizmatga buyurtma beruvchi yoxud shu niyatda boʼlgan fuqaro (jismoniy shaxs).
(qonunning 1-moddasidan)

Isteʼmolchining asosiy huquqlari nimalardan iborat?

Isteʼmolchilar quyidagi huquqlarga ega:

tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida toʼgʼri va toʼliq maʼlumot olish;

tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli boʼlishi;

tovar (ish, xizmat)ning xavfsiz boʼlishi;

hayoti, sogʼligʼi va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni boʼlgan tovar (ish, xizmat), shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning gʼayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, maʼnaviy zararning toʼliq hajmda qoplanishi;

buzilgan huquqlari yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlari himoya qilinishini soʼrab sudga, boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat etish;

isteʼmolchilarning jamoat birlashmalarini tuzish.
(qonunning 4-moddasidan)

Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning asosiy majburiyatlari nimalardan iborat?

Ishlab chiqaruvchi oʼz korxonasining nomi va joylashgan (yuridik) manzili haqida isteʼmolchini xabardor qilishi shart.

Sotuvchi (ijrochi) oʼz tashkilotining firma nomi, uning joylashgan (yuridik) manzili va ish tartibini isteʼmolchilarga maʼlum qilishi shart.

Sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchiga tovarlar savdosi, maishiy va boshqa turdagi xizmat koʼrsatishning qoidalari toʼgʼrisida toʼliq maʼlumot berishi shart.
(qonunning 5-moddasidan)

Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) isteʼmolchiga oʼzi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida oʼz vaqtida zarur, toʼgʼri va tushunarli maʼlumot berishi shart.
(qonunning 6-moddasidan):