Iste’molchi huquqlari — inson manfaatlarining ishonchli himoyasi
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi arafasida mamlakatimizda ushbu ulug‘ sanani munosib kutib olish maqsadida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tizimidagi tashkilotlar tomonidan ham joylarda aholining huquqiy va iste’molchilik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Federatsiyaning Marg‘ilon shahar jamiyati tashabbusi bilan shahardagi 22-ixtisoslashtirilgan maktab-internatida pedagog va ishchi xodimlar ishtirokida tashkil etildi. «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va islohotlar» mavzusidagi davra suhbatida sohadagi yangilanishlar, iste’molchilar huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida atroflicha fikr almashildi.
Tadbir davomida iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning sifatli tovar va xizmatlarga bo‘lgan huquqini ta’minlash, shuningdek, huquqlari buzilgan holatlarda qonuniy himoya mexanizmlaridan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga iste’molchi sifatida shartnoma tuzishda, tovar yoki xizmat tanlashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar, xaridni tasdiqlovchi hujjatlarni saqlash va zarur hollarda o‘z huquqlarini himoya qilish uchun tegishli tashkilotlarga murojaat etish tartibi tushuntirildi.
Davra suhbatida mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan islohotlar iste’molchilar huquqlarini muhofaza qilish sohasida ham muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob olib, sohadagi yangiliklar yuzasidan fikr va mulohazalarini bildirdilar.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy va huquqiy targ‘ibot tadbirlari aholi, ayniqsa, mehnat jamoalari va ta’lim muassasalari xodimlarining iste’molchilik va huquqiy madaniyatini oshirish, qonuniy manfaatlarini himoya qilish ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.



Post Comment