Qoʼqonda oliy va professional taʼlim muassasalarida talabalar uchun yaratilgan sharoitlar oʼrganilmoqda
Sifatli taʼlim olish faqat bilim berish jarayoni bilan cheklanmaydi. Talaba va oʼquvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, taʼlim xizmatlarining ochiqligi, xavfsizligi, ijtimoiy-maishiy qulayliklar hamda ularning qonuniy manfaatlari taʼminlanishi ham muhim ahamiyatga ega.
Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi buyrugʼiga muvofiq, respublika boʼylab oliy, oʼrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida jamoatchilik monitoringi tadbirlari tashkil etilmoqda.
Mazkur jarayon doirasida Federatsiyaning Fargʼona viloyati hududiy birlashmasi Ishchi guruhi tomonidan Qoʼqon davlat universiteti, shahardagi 4-sonli texnikumi hamda Аbu Аli ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlarida ham oʼrganish ishlari olib borilmoqda.
Oʼrganishlardan koʼzlangan asosiy maqsad — talaba va oʼquvchilarga koʼrsatilayotgan taʼlim, ijtimoiy-maishiy va boshqa xizmatlarning sifati, ular uchun yaratilgan sharoitlar hamda isteʼmolchi sifatidagi huquq va qonuniy manfaatlarining qay darajada taʼminlanayotganini baholashdan iborat.
Oʼrganishlarda nimalarga eʼtibor qaratilmoqda?
Аvvalo, taʼlim muassasalarida axborot ochiqligi, talabalar uchun zarur maʼlumotlarning mavjudligi, ichki tartib-qoidalar, baholash mezonlari, rahbariyatning qabul kunlari va murojaat qilish imkoniyatlari oʼrganilmoqda.
Shuningdek, oʼquv auditoriyalari va laboratoriyalarning texnik holati, ularning yoritilishi, isitish va sovitish tizimlari, mebelь va jihozlar bilan taʼminlanganligi, sanitariya-gigiena sharoitlari ham eʼtibor markazida.
Kutubxona va axborot-resurs markazlarining zamonaviy adabiyotlar bilan taʼminlanganligi, elektron kutubxona, kompьyuter xonalari hamda internet xizmatidan foydalanish imkoniyatlari ham monitoringning muhim yoʼnalishlaridan hisoblanadi.
Bundan tashqari, mavjud talabalar turar joylarida yashash sharoitlari, ichimlik va issiq suv taʼminoti, sanitariya holati, oshxona va bufetlarda taomlar sifati, narxlarning ochiqligi hamda talabalar uchun hamyonbopligiga eʼtibor qaratilmoqda.
Аlohida yoʼnalish sifatida nogironligi boʼlgan talaba va oʼquvchilar uchun qulay muhit yaratilganligi, shuningdek, yoshlarning taklif va shikoyatlarini qabul qilish, ularni koʼrib chiqish mexanizmlari ham oʼrganilmoqda.
Talaba va oʼquvchilarning fikri ham muhim
Jamoatchilik monitoringi jarayonida faqat mavjud sharoitlarni koʼzdan kechirish bilan cheklanilmaydi. Talaba va oʼquvchilarning taʼlim hamda ijtimoiy-maishiy xizmatlar sifati yuzasidan fikr-mulohazalarini oʼrganishga ham alohida ahamiyat qaratiladi.
Buning uchun anonim soʼrovnomalardan foydalanish nazarda tutilgan boʼlib, ular orqali yoshlarning oʼquv sharoitlari, kutubxona, ovqatlanish, turar joy va murojaatlar bilan ishlash tizimiga munosabatini bilish maqsad qilingan.
Oʼrganishlar yakunida har bir taʼlim muassasasi boʼyicha toʼplangan maʼlumotlar umumlashtirilib, ijobiy tajribalar va eʼtibor qaratilishi lozim boʼlgan masalalar yuzasidan tegishli xulosa hamda amaliy tavsiyalar ishlab chiqilishi koʼzda tutilgan.
Zero, taʼlim muassasasida yaratilgan har bir qulaylik — yoshlarning sifatli bilim olishi, oʼz salohiyatini roʼyobga chiqarishi va kelajakda malakali mutaxassis boʼlib yetishishiga xizmat qiladi.



Post Comment