Yana bir holatda iste’molchi haq bo`lib chiqdi
Noyabr oyi boshlarida Farg`ona tumani Log`on qishlog`ida yashovchi fuqaro Q.Toshtemirov MIB tuman bo`limining xonadoni tabiiy gaz to`lovlaridan 336339 so`m qarzdorligi haqida talabnomasidan norozi bo`lib yozma ariza bilan murojaat qilgandi. U o`z murojaatida shu kungacha to`lovlarni o`z vaqtida to`lab kelganligiga qaramasdan tuman gaz idorasi xodimlari “Qarzingiz bor, MIBga borib hal qilasiz”, deb sarson qilishayotganini yozgan.
Isteʼmolchi murojaati MIB tuman bo`limi xodimlari ishtirokida o`rganilganda, xonadonidagi gaz hisoblagich gazni yaxshi o`tkazmayapti, degan vaj bilan 2017 yil 15 aprel sanasida qonuniy asoslarda yangisiga almashtirilganligi, lekin mazkur holat bo`yicha tuzilgan dalolatnomada isteʼmolchining eski hisoblagichdagi haqdorligi yangi hisoblagichga o`tkazilmasdan qolib ketganligi, natijada bugungi kunga kelib isteʼmolchida qarzdorlik yuzaga kelganligi aniqlandi. Murojaatni o`rgangan masʼul xodimlar isteʼmolchining tabiiy gaz uchun to`lagan barcha to`lovlarini qayta hisob-kitob qilib chiqqanlarida, amalga oshirilgan to`lovlar hisoblagichning 2809 metr kubiga qadar yetishi, lekin uning murojaat o`rganilayotgan kundagi ko`rsatkichi 2944 metr kubni ko`rsatayotganligi, yaʼni isteʼmolchining 51000 so`m qarzdorligi mavjudligi ayon bo`ldi. Biroq isteʼmolchi qo`lidagi, nomaʼlum sabablarga ko`ra tuman gaz idorasi kompyuter bazasida aksini topmay qolgan, 2017 yilning 20 avgustidagi 50000 so`mlik to`lov qog`ozi tegishli tartibda “Billingaz” dasturiga kiritilgandan so`ng, mazkur qarzdorlik ham barham topdi. Olib borilgan ishlar natijasida isteʼmolchi hisobida turgan 336339 (uch yuz o`ttiz olti ming uch yuz o`ttiz to`qqiz) so`m noreal qarzdorlikni xonadon hisobidan chiqarib tashlanishiga erishildi.
Xiloldin Gafurov
Farg`ona tuman IHHQ jamiyati bosh mutaxassisi
Post Comment