Bajarilgan ish sifatidan qoniqmagan iste’molchiga puli qaytarildi
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shahardagi poliklinikalardan birida shifokor bo‘lib ishlovchi, Federatsiya a’zosi O.A.ning xonadoniga o‘rnatilgan jalyuzi pardaning xonaga mos tushmaganligi borasidagi murojaati o‘rganildi.
Iste’molchiga ko‘ra, u Farg‘ona shahrida faoliyat olib borayotgan «B… D…» xususiy firmasiga xonadoniga jalyuzi parda o‘rnatish bo‘yicha buyurtma beradi. Buyurtma bajarilgach, bajarilgan ish iste’molchiga ma’qul kelmagan va u pardaning xonaga mos tushmaganligi hamda ortiqcha qorong‘ulashtirib qo‘yganligi vaji bilan ijrochiga uni boshqasiga almashtirilishi bo‘yicha murojaat qilgan. Lekin ijrochidan ushbu talabi bo‘yicha rad javobi olgan. Shundan so‘ng Federatsiya mutaxassislariga ushbu masalada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab murojaat qilgan.
Amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 19-moddasiga ko‘ra, agar ijrochi shartnoma shartlarini ish (xizmat)ni yomonlashtirgan darajada jiddiy buzgan bo‘lsa, yoxud ishda (xizmatda) boshqa jiddiy nuqsonlarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, iste’molchi o‘z xohishiga ko‘ra nuqsonlar bepul bartaraf etilishini, bajarilgan ish (ko‘rsatilgan xizmat) bahosi nuqsonlarga mutanosib ravishda kamaytirilishini, xuddi shunday sifatli shu xildagi materialdan boshqa buyum bepul tayyorlab berilishini yoxud ishning takroran bajarilishini yoinki shartnoma bekor qilinib, ko‘rilgan zarar to‘liq qoplanishini talab qilishga haqli.
Iste’molchi ushbu huquqlarini: ishni (xizmatni) qabul qilib olish vaqtida yoki uning bajarilishi jarayonida nuqsonlar aniqlangan taqdirda; kafolat muddati davomida, kafolat muddati bo‘lmagan taqdirda esa, ish (xizmat) qabul qilib olingan kundan e’tiboran olti oy davomida; import yoki boshqa ko‘chmas mulkda nuqsonlar aniqlangan kundan e’tiboran ikki yil davomida ro‘yobga chiqarishi mumkin.
Farg‘ona shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan ijrochiga qonunning yuqoridagi talablari yuzasidan tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilgach, ijrochi tomonidan iste’molchiga 1 mln 875 ming so‘m puli qaytarilishiga erishildi.
Usmonjon Ruziyev
Farg‘ona shahar jamiyati mutaxassisi
Post Comment